Qahramonimiz 1984 yilda Andijon viloyatining Izboskan tumanida tugʻilgan. 2006 yildan buyon tizimda faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Ayni paytda u IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash qoʻshinlari Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportida xavfsizlikni taʼminlash alohida batalʼoni nazorat oʻtkazish joylarini qoʻriqlash vzvodida xizmat qilayapti.
Yaqinda u aeroport ishchi-xodimi tomonidan amalga oshirilgan tashmachilik jinoyatining oldini olishga muvaffaq boʻldi. Kichik serjant oʻsha kuni oʻz postida – nazorat oʻtkazish joyida xizmatda edi. Aeroport hududiga kirayotgan va bu yerdan chiqib ketayotgan avtomashinalarni tekshirib oʻtkazayotganda har xil turdagi mahsulotlarni olib chiqib ketayotgan haydovchi xatti-harakati kichik serjantda shubha uygʻotdi. U koʻzini olib qochar, buning ustiga shoshardi. Xodim yuk hujjatlari va yuklarni tekshirayotganida haydovchi nimaga toqatsizlangani oydinlashdi. U hujjatlarda qayd etilmagan 300 kilogramdan ortiq har xil rangli metalni boshqa mahsulotlar tagida yashirincha olib chiqmoqchi boʻlgan ekan.
Xodimning hushyorligi bois bir huquqbuzarlik fosh etildi va aeroport mulki asrab qolindi.
Foziljon Mamasharipov,
“Postda” muxbiri.
