Ichki ishlar organlarida 2009 yildan beri xizmat qiladi. 2019 yildan buyon Urganch tumani IIB HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektor lavozimida faoliyat olib bormoqda. 

– Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash tuman boʻlimi, Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi, shuningdek, boshqa masʼul tashkilotlar bilan hamkorlikda biriktirilgan hududda istiqomat qiluvchi xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, oʻz qobiliyat va mahoratlarini namoyon eta olishi uchun zarur sharoitlar yaratish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish boʻyicha maqsadli ishlarni amalga oshiryapmiz, – deydi mayor M.Himmatova. – Joriy yil boshidan buyon 14 nafar xotin-qizga tibbiy va psixologik yordam koʻrsatildi, 9 nafari ishga joylashtirildi. 95 nafar ayolga himoya orderlari berildi. Shu bilan birga, zoʻravonlik qilishga moyil boʻlgan shaxslar bilan tegishli ishlar olib borilmoqda. 

...Xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektorga Uyshin mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro N.Ya.ning oilasida yuzaga kelgan mushkul axloqiy-ruhiy vaziyat haqida maʼlumot kelib tushdi. Aniqlanishicha, ayolning turmush oʻrtogʻi unga doimiy ravishda ruhiy bosim oʻtkazib, tajovuzkorlik harakatlarini namoyish etgan. Mayor M.Himmatova oiladagi vaziyatni oʻrganib chiqdi. Zudlik bilan choralar koʻrilib, erkak uchun tegishli cheklovlar belgilandi, rafiqasiga esa himoya orderi berildi. Bundan tashqari, profilaktika inspektori bilan birga profilaktik ishlar davom ettirildi. Natijada er bundan tegishli xulosa chiqarib, oʻz xatti-harakatlarini tuzatdi. 

Radik TUMPAROV,

 «Na postu» muxbiri.