IIV Xorazm akademik liseyida oʻquvchilar oʻrtasida “Men xalq posboniman” shiori ostida harbiy-sport musobaqasi oʻtkazildi. Lisey oʻquvchilarini sport mashgʻulotlariga uzluksiz jalb qilish, ommaviy sport ishlarini zamon talablari darajasida tashkil etish, ularni sogʻlomlashtirish va chiniqtirishga, jamoa boʻlib harakat qilishga oʻrgatish maqsadida oʻtkazilgan mazkur tadbirda oʻquvchilar sportning toʻsinda tortinish, granata uloqtirish, arqon tortish, Kalashnikov avtomatini toʻliqsiz qismlarga ajratish va yigʻish, toʻsiqlar osha yugurish turlari boʻyicha oʻzaro bellashdilar.
Murosasiz kechgan bahslar yakuniga koʻra, akademik liseyning 307-guruh jamoasi barcha yoʻnalishlar boʻyicha eng yuqori natijani qayd etib, musobaqa gʻolibi deb topildi. Shuningdek, 305-guruh jamoasi 2-, 306-guruh jamoasi esa, 3-oʻringa munosib koʻrildi.
Gʻolib va sovrindorlar IIV Xorazm akademik liseyi rahbariyati tomonidan qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Tadbir soʻnggida viloyat IIB PPX va JTSB shaxsiy tarkibi tomonidan xizmat avtomobillari, skuter, sigvey hamda ayrim turdagi maxsus texnika vositalari namoyish etildi. Yurtimiz osoyishtaligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etuvchi mazkur texnikalar oʻquvchilarda katta qiziqish uygʻotdi.
Azamat MATYOQUBOV,
podpolkovnik.
