22 mart – Mahalla tizimi xodimlari kuni

Ichki ishlar organlarida sidqidildan xizmat qilish, Vatan, xalq oldidagi masʼuliyatli burchni oqlash, sohaning jonkuyar xodimi sifatida izzat-ikrom bilan nafaqaga chiqish... Barcha osoyishtalik posbonlarining orzusi boʻlgan bunday sharafga yetishishning zamirida mashaqqatli xizmat yotadi, albatta. Oʻz ishiga vijdonan yondashib, xalqning ishonchi va obroʻ-eʼtiborini qozonish chinakam fidoyilikni, sabr-toqatni, turli mashaqqatlarga matonat bilan bardosh berishni talab etadi. 

Navoiy viloyati IIB tizimida 25 yildan ortiq vaqt mobaynida xizmat olib borgan isteʼfodagi mayor Olim Saidov ana shunday sharafga muyassar boʻlgan insonlardan biridir. U ichki ishlar organlaridagi faoliyatini 1992 yilda Qiziltepa tumani IIBda uchastka noziri vazifasida boshlagan edi. 2006 yilda profilaktika inspektorlari oʻrtasida oʻtkazilgan koʻrik-tanlovning Respublika bosqichida “Jasorat koʻrsatgan profilaktika inspektori” nominatsiyasi gʻolibi boʻlgan. 2007 yilda xizmatda erishgan yutuqlari uchun “Jasorat” medali bilan taqdirlangan. 

 Nafaqaga chiqqanidan soʻng ham lavhamiz qahramoni qoʻl qovushtirib oʻtirgani yoʻq. 2019 yilda Qiziltepa tumani “Vangʻozi” MFY raisligiga saylangach, toʻplagan boy bilim va tajribasi unga juda asqatdi. Shundan buyon oʻtgan davr ichida mahalla hududida birorta ham jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi. Ajrim yoqasiga kelib qolgan beshta oilaning muammolarini mahalla faollari bilan birga oʻrganib chiqib, hal etdi. “Temir daftar”ga kiritilgan barcha oilalarning mehnatga yaroqli aʼzolarini ish bilan taʼminlashga erishdi. Doimo odamlarning dardu tashvishi bilan yashagani uchun uni mahalladoshlari hurmat bilan “Mahalla vijdoni” deyishadi.

Olim aka turmush oʻrtogʻi Matluba opa bilan birga toʻrt nafar farzandni voyaga yetkazdi. Ulardan Azizjon bolaligidan otasiga oʻxshab ichki ishlar organi xodimi boʻlishni orzu qilardi. Yillar oʻtib, bu orzu qatʼiy maqsadga aylandi. Bugungi kunda kapitan Azizjon Saidov otasining ishini sharaf va sadoqat bilan davom ettirmoqda.


Dilrabo ABDUHAMIDOVA, 

safdor.

Navoiy viloyati.