Viloyat IIB tasarrufidagi “Yulduzcha” nomli MTTda tashkil etilgan amaliy seminarda respublika boʻylab ichki ishlar organlari tasarrufidagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari rahbarlari va oʻqituvchi-metodistlari ishtirok etishdi. Jarayonlarda mehnat qonunchiligiga kiritilgan yangi oʻzgarishlar, guruhlarda rivojlantiruvchi markazlarni toʻgʻri tashkil etish mavzularida maʼruzalar qilinib, xodimlarning kasbiy mahorati va faoliyat samaradorligini oshirishga ahamiyat qaratildi.

Seminar-treningda ishtirokchilardan maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyati bilan bogʻliq test sinovlari qabul qilindi va eng yuqori natija koʻrsatganlar alohida eʼtirof etildi. IIV tasarrufidagi 2-son “Nihol” nomli MTT rahbari Nodira Qodirovaga esdalik sovgʻalari topshirildi. Shuningdek, xizmat faoliyati davomida yuqori natijalarga erishgan, bolalarni Vatanga muhabbat hamda yangicha dunyoqarashni shakllantirish, yosh avlodni yurtimizning porloq kelajagi uchun munosib farzand boʻlib yetishishlari, taʼlim-tarbiya borasidagi ishlarni davlat dasturi asosida amalga oshirilishi hamda MTTda taʼlim-tarbiya sifatini yangi pogʻonaga koʻtarilishida oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelayotgan bir guruh maktabgacha taʼlim tashkilotlari rahbarlari IIV MMI va KBTX boshligʻining oʻrinbosari tashakkurnomasi bilan ragʻbatlantirildi.

Shu bilan birga, taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini yanada rivojlantirish yoʻlida faoliyat olib borayotgan seminar-trening ishtirokchilari hamda Buxoro shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi masʼul xodimlari boshqarma boshligʻining tashakkurnomasi hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanishdi. Qizgʻin jarayonlarga boy boʻlgan seminar oʻzaro tajriba almashinuvi, fikr-mulohazalarni bildirish uchun qulay imkoniyat yaratgani bilan ahamiyatli boʻldi.

U.OʻTAYEV,

podpolkovnik.

Buxoro viloyati.