Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan IIV Xorazm akademik litseyining bir guruh oʻquvchilari viloyat IIB “Mehnat va jangovar shuhrat” muzeyiga tashrif buyurishdi.
Mazkur maʼnaviyat maskaniga tashrif buyurgan kelajagimiz egalari dastlab, yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligini taʼminlash yoʻlida mardlarcha halok boʻlgan ichki ishlar organlari xodimlari xotirasiga bagʻishlab oʻrnatilgan monument poyiga gulchambar qoʻyib, unda nomlari zikr etilgan xalqimiz qahramonlari haqida batafsil maʼlumotga ega boʻlishdi.
Shundan soʻng ular Xorazm militsiyasining tashkil etilish tarixi, sohaviy xizmat turlari va ularning faoliyati bilan yaqindan tanishib, turli davrlarga oid maʼlumotlar, fotosuratlar, qurol-yarogʻ, kiyim-bosh, maxsus texnika va eksponatlarni tomosha qilishdi. Shuningdek, ayni paytda ichki ishlar organlarining sohaviy xizmatlari hamda ularning vazifalari haqida batafsil tushunchalar ham olishdi.
Ayniqsa, viloyat ichki ishlar organlarining mustaqillik yillaridagi faoliyatini aks ettiruvchi alohida boʻlim litsey oʻquvchilarida katta qiziqish uygʻotdi.
– Bugun biz uzoq oʻtmishga sayohat qildik, – deydi mazkur litsey 1-kurs oʻquvchisi Munis Bahodirov. – Ushbu sayohatimiz davomida ichki ishlar organlarining tarixi va buguni bilan tanishib, unutilmas taassurotlarga ega boʻldik.
Shunday ekan, bu kabi tadbirlar yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shokir YUSUPOV,
isteʼfodagi podpolkovnik.
