Viloyat IIB JXX probatsiya xizmati boshligʻi Zokir Abdurahmonov ishtirikida probatsiya hisobida turgan shaxslarni ijtimoiy hayotga moslashtirish borasida 2022-yil sarhisobi hamda 2023-yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlarga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi, deya xabar qiladi Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati. 

Probatsiya xizmati boshligʻi hisobotida, bu xizmat sohada yangi tizim ekanligi, oʻziga xosligi, xizmat vazifasi yoʻnalishi va mohiyati haqida jurnalistlarga batafsil maʼlumot berdi. Va keyingi bir yil mobaynida probatsiya xizmatini amalga oshirish jarayoni butunlay yangicha tashkil etilganligi taʼkidlandi.

Qayd etilishicha, ayni paytda viloyat IIB JXX probatsiya xizmati tomonidan 8147 nafar fuqaro nazoratga olingan. Nazoratdagi shaxslarning 7456 nafarini erkaklar, 691 nafarini ayollar, 2289 nafarini yoshlar, 49 nafarini voyaga yetmaganlar tashkil etadi.

 Bugungi kunda hisobga olingan shaxslarning 2091 nafari ikki yoki undan ortiq sudlangan shaxslardir. Ularni ijtimoiy moslashtirish boʻyicha keng tizimli ishlar tashkil etildi. 2442 nafari ishga joylashtirildi, 128 kishining salomatligini tiklashga yordam koʻrsatildi, 11 kishi uy-joy bilan taʼminlandi yoki uy-joyi taʼmirlandi. 3395 nafar hisobga olingan shaxslarga turli yordamlar koʻrsatildi. Oʻtgan yili 2715 nafar nazoratdagi shaxslarning oʻtalmay qolgan jazolari Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 73-moddasiga asosan muddatdan ilgari shartli ravishda ozod etildi.

Matbuot anjumanida jurnalistlarning mavzu yazasidan bergan savollariga javob qaytarildi.

Gulnoza TURGʻUNBOYEVA, 

«Postda» muxbiri. 

Samarqand viloyati.