Fargʻona viloyatining Rishton tumani azaldan mohir kulollari, ajoyib sopol buyumlari, qandak oʻriklariyu devzira guruchi bilan shuhrat qozongan.

Eʼtiborlisi shundaki, Rishtonda kulolchilik buyumlarini pishirish va ishlov berishning betakror va oʻziga xos texnologiyasi yaratilgan boʻlib, bu usullar ming yillar davomida ardoqlab kelinmoqda. Rishton kulollari tomonidan tayyorlangan mahsulotlar oʻzining dizayni, tabiiy rangi va qalampir nusxali naqshlarga boyligi bilan ajralib turadi. Hozirda tumanda yuzlab mohir kulollar mehnat qiladi va ular yaratgan sanʼat asarlari dunyodagi turli muzeylar kollektsiyasiga kiritilgan.

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi aʼzosi Baxtiyor Nazirov oʻz uslubi va yoʻnalishiga ega hunarmandlardan biri sanaladi. U qadimiy va anʼanaviy «Ishqor» uslubida sopol buyumlar ishlab chiqarish va bezashda boy amaliy tajriba sohibidir.

Mohir kulol koʻplab koʻrik-tanlov va festivallarda ishtirok etib, katta yutuqlarni qoʻlga kiritib kelyapti. Jumladan:

– «Tashabbus-2003», «Tashabbus-2010» tanlovlarining sovrindori;

– 2012 yili Rossiyaning Kaluga shahrida oʻtkazilgan «Etnomir» hunarmandchilik festivalida «Eski anʼanalarni saqlash» nominatsiyasida faxrli 2-oʻrin sohibi;

– 2014 yili Moskva shahrida oʻtkazilgan «Ladya» festivali gʻolibi;

– Krasnoyarsk, Novosibirsk, Yekaterinburg, Tomsk shaharlarida kulolchilik yoʻnalishida oʻtkazilgan festivallar sovrindori;

– 2016 yildan beri har yili Yaponiyaning Mamiko shahrida yapon va rishtonlik kulollar hamkorligida tashkil etiladigan koʻrgazmaning asosiy ishtirokchilaridan;

– 2018 yildan buyon Rossiya Federatsiyasi Ryazan viloyatining Skopin shahrida boʻlib oʻtadigan kulolchilik festivali doimiy qatnashchisi hamda 2021 yilda shu koʻrgazmada «Maestro» unvoni sohibi.