Fargʻona viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, uchinchi sektor rahbari ishtirokida Fargʻona shahrida joylashgan “Ishga marhamat” monomarkazida xalq bilan muloqot va sayyor qabul tashkil etildi.

Sayyor qabul avvalida sektor rahbari aholi bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va turli korxona-tashkilotlar vakillari faoliyatiga oid koʻrgazmalar hamda taqdimotlar bilan tanishdi.

Shu kuni sayyor qabulga Fargʻona shahri va shahar-tumanlarda istiqomat qiluvchi fuqarolardan 65 ta murojaat kelib tushdi. Sektor rahbari har bir murojaatda koʻtarilgan masalalarning tub mohiyatiga kirib borishga harakat qildi.

Tahlillarga yuzlanadigan boʻlsak, 6 nafar fuqaro ichki ishlar organlariga ishga kirish, 5 nafar fuqaro tayinlangan jazodan shartli ozod qilish, 8 nafar fuqaro moddiy yordam olish, 2 nafari toʻlov kontrakt pullarini toʻlashda yordam berish, 4 nafari yoʻllarda avtomashina harakati tezligini cheklash, 2 nafari davolanish, 2 nafari ish bilan taʼminlash, 3 nafari elektr energiyasi, 2 nafari gaz taʼminoti yuzasidan murojaat qildilar.

Murojaatlarning 21 tasi joyida ijobiy hal etildi. 13 nafar ayolga tikuv mashinasi, ish bilan band boʻlmagan yoshlarga esa 3 ta payvandlash uskunasi, 2 ta komʼpyuter, 1 ta kompressor, 1 ta elektr pechi subsidiya asosida taqdim etildi.

Abduvosit SIDDIQOV,

“Postda” muxbiri.

Fargʻona viloyati.