Oʻzining husni-tarovati, koʻrkamligi bilan mamlakatimiz va xorijiy mehmonlarni bagʻriga chorlaydigan azim poytaxtimizning tinchlik-osoyishtaligini saqlashda ichki ishlar organlari xodimlarining ham munosib oʻrni bor.
Yangihayot tumanidagi Fayzli mahallasiga xizmat koʻrsatuvchi huquq-tartibot maskani profilaktika inspektori, leytenant Ilyos Soatov ham ana shunday fidoyi va jonkuyar xodimlardan biridir. U kunu tun mazkur hudud osoyishtaligi yoʻlida tinim bilmay xizmat qilmoqda.
Yosh xodimning ana shunday mashaqqatli xizmatlari evaziga mahalla aholisining xotirjamligi taʼminlanib, ichki ishlar organlariga boʻlgan xalqning ishonchi yanada ortmoqda.
Bugungi kunda 3 mingdan ortiq aholi istiqomat qilayotgan ushbu hududda fuqarolarning bekam-koʻst hayot kechirishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Shu bilan birga, mahalla ahlining xavfsizligini taʼminlash maqsadida videokuzatuv kameralari oʻrnatish jarayoni boshlab yuborilgan.
– Huquq-tartibot maskani xodimlari va faollarimiz bilan hamkorlikda muqaddam sudlangan va spirtli ichimlikka ruju qoʻygan shaxslar hamda notinch oilalar bilan doimiy ravishda tushuntirish va targʻibot ishlari olib borilyapti, – deydi mazkur mahalla fuqarolar yigʻini raisi Erkin Tursunboev. – Bu kabi tadbirlar sodir etilishi mumkin boʻlgan jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishda muhim poydevor boʻlib xizmat qilmoqda.
Jumladan, yaqinda hududdagi xonadonlarning birida istiqomat qiluvchi er-xotin M.B va D.K. oʻrtasidagi oʻzaro kelishmovchilikka barham berilib, buning oqibatida kelib chiqishi tayin boʻlgan muammoning oldi olindi.
Profilaktika inspektori, leytenant Ilyos Soatovning hamkorlikdagi ana shunday saʼy-harakatlari tufayli mahalla aholisi tinch-osuda hayot kechirayotir. Bu ham boʻlsa, yurtimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlaring yorqin natijasidir.
Mixli SAFAROV,
“Postda” muxbiri.
