Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik” shiori ostida yoshlar oyligini tashkil etish va oʻtkazish harakati boshlandi. Jumladan, mamlakatimizning barcha hududlarida turli tadbirlar va yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Toshkent viloyatidagi 21-son jazoni ijro etish koloniyasida ham “Vatan taqdiri — mening taqdirimda” shiori ostidagi uchrashuv tashkil etildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti, Yoshlar ishlari agentligining masʼul xodimlari hamda el ardogʻidagi sanʼatkorlar, adiblar, sportchilar, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi malakali mutaxassislar va jazo muddatini oʻtayotgan yosh mahkumalar ishtirok etdi.
Tadbir davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq tizimidagi islohotlar, tadbirkorlik hamda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Shuningdek, mahkumalar oʻrtasida sport musobaqalari, mushoira kechasi hamda tadbirkorlik yoʻnalishlari boʻyicha seminar trenninglar tashkil etilib, ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan tegishlicha javoblar olishdi. Ayniqsa, maʼrifiy kechada Oʻzbekiston xalq artisti Mehri Bekjonova ijrosidagi diltortar taronalar jazo muddatini oʻtayotganlarga oʻzgacha kayfiyat ulashdi.
Shundan soʻng IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti rahbariyati nomidan hamkor vazirlik va tashkilot vakillariga minnatdorchilik bildirilib, tashakkurnomalar topshirildi. Jazo muddatini oʻtayotgan xotin-qizlarni madaniyat, sanʼat, sport va tadbirkorlikka keng jalb etish, ular oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish masalalariga urgʻu berilayotgani kelgusida ularning hayotda oʻz oʻrinlarini topishida muhim poydevor boʻlib xizmat qilishi shubhasiz.
IIV huzuridagi JIED
Axborot xizmati.
