(12 iyuldan 18 iyulgacha)

Qoʻy. Bu hafta uchun tuzgan rejalaringizning aksariyati amalga oshishi mumkin. Hammasi sizga yaqin insonlarga, ularning qoʻllab-quvvatlashiga bogʻliq. Kelib tushadigan moliyaviy takliflarga jiddiy eʼtibor qarating. Oilaviy hayotda esa, aksincha, ikir-chikirlarga eʼtibor qilmay, koʻproq mehr ulashishga harakat qiling.

Buzoq. Uddalay olishga koʻzingiz yetmagan ishlarga qoʻl urmang. Baʼzi qoʻlingizdan kelmagan yumushlarni boshqalarning yelkasiga yuklashni oʻrganing. Mablagʻ tikishda ehtiyotkor boʻling, aks holda omadsizlikka uchrab qolishingiz mumkin. Dam olish kunlarini shahar tashqarisida oʻtkazib, toza havoda hordiq olishni rejalashtiring.

Egizaklar. Hayotingizda oʻzgarish qilmoqchi boʻlsangiz, bu ishni vaqtincha eng qulay paytga qoldirib turgan maʼqul. Bu hafta ish joyingizda hamkasblar bilan ziddiyatli vaziyatlar yuzaga kelishi mumkin. Nizoni imkon qadar choʻzmaslikka harakat qiling, aks holda keyin munosabatlarni tiklash qiyin kechadi.

Qisqichbaqa. Shu kunlarda oʻzingizni hech narsaga ulgura olmayotgandek his qilasiz. Qisman bu chindan ham shunday. Diqqat-eʼtiboringizni jamlang! Bor kuch-shijoatingizni toʻplab, yanada faol harakat qiling. Haftaning ikkinchi yarmida salomatligingizga jiddiy eʼtibor qarating. Yakshanba kuni hech qanday ishni rejalashtirmay, maroqli hordiq oling. 

Arslon. Sizni yoqimli oʻzgarishlar kutmoqda. Oila aʼzolaringiz bilan munosabatda baʼzi qarashlaringizni oʻzgartirib, sabrli va shirinsoʻz boʻling. Jismonan ogʻir vazifalardan chetlashib, taʼbni xira qiluvchi va koʻngilni ogʻrituvchi barcha holatlardan uzoqlashing. Hafta soʻnggida ular bilan birga tabiat qoʻynida sayr qiling.

Parizod. Bu hafta siz uchun juda samarali boʻladi. Uyda hech narsaga ulgura olmasangiz ham, ish joyingizda koʻpgina yutuqlarga erishasiz. Siz uchun mazkur davr faol harakatlar pallasi hisoblanib, bu koʻpgina muvaffaqiyatlarga erishish uchun yaxshi imkoniyatdir. Ayni shu damda hatto eng murakkab vazifalarni ham hech ikkilanmay amalga oshirish tavsiya etiladi.

Tarozi. Oilaviy munosabatlarni mustahkamlash uchun yaqinlaringizga kutilmagan sovgʻa hozirlang. Ular bu harakatingizni qadrlashlari, shubhasiz. Agar oʻtmishdan qolgan inson tasodifan yoʻlingizdan chiqib, sizda salbiy hissiyotlar uygʻotsa, oʻzingizni qoʻlga oling. Haftaning ikkinchi yarmida ruhiyatingiz yaxshilanib, kayfiyatingiz koʻtariladi. 

Chayon. Anchadan beri olishga umid qilgan pul mablagʻi bu hafta qoʻlingizga kelib tushadi. Ularni oqilona sarflashga harakat qiling. Ehtimol, avvaldan rejalashtirilmagan safarga chiqishingiz mumkin. Ayniqsa, gap dam olish haqida ketayotgan boʻlsa, hech ikkilanmay rozilik bildiring. 

Oʻqotar. Biron bir ish siz kutgandek ketmayotgan boʻlsa, umidsizlikka tushmang. Tez orada hammasi yaxshilikka boʻlganini tushunib yetasiz. Oila aʼzolaringizga koʻproq mehr bering. Ularning koʻnglini ogʻritmaslik uchun har bir soʻz va amalingizga eʼtiborli boʻling. 

Togʻ echkisi. Shu kunlarda kim bilandir tortishgan va janjallashgan boʻlsangiz, imkon qadar tezroq yarashishga harakat qiling. Uzaygan nizolar yaxshilik olib kelmaydi. Ish joyingizda zimmangizga murakkab vazifa yuklanishi mumkin. Mazkur hafta ish bilan bogʻliq tadbirlarda ishtirok etish uchun maqbul davrdir.

Qovgʻa. Ruhiy tushkunlik va bezovtalik hissi – sizga bu hafta pand berishi mumkin boʻlgan holatlar hisoblanadi. Oʻz hislaringizni jilovlashga harakat qiling. Bu davrdagi uchrashuvlar yoqimli, baʼzilari esa hatto esda qolarli boʻladi. Mehmonga taklif etishsa, zinhor rad etmang – bu hayotingizga oʻzgacha zavq bagʻishlaydi.

Baliq. Hafta davomida imkon qadar norozilik va gʻazabni jilovlashga harakat qiling, atrofdagilar bilan zinhor bahslashmang. Yaxshisi kuch-gʻayratni oila ichidagi munosabatlarni mustahkamlashga sarflang. Dam olish kunlarini ham sevimli va qadrli insonlar davrasida oʻtkazing.