2023-yil 31-avgust kuni “Shahidlar xotirasi” xiyobonida Prezidentimiz tomonidan berilgan konseptual topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida nohaq qatagʻonga uchragan Buxoro viloyati ichki ishlar organlari xodimlarining nomlarini tiklash va yosh avlodga yetkazish orqali ularni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, qatagʻon qilingan xodimlarga bagʻishlab tayyorlanayotgan kitob hamda hujjatli filʼm uchun maʼlumotlar toʻplash maqsadida viloyat IIBning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari xodimlari, faxriylar hamda tarixchi olimlardan iborat ishchi guruh tuzildi.
Ishchi guruhi aʼzolari xodimlarni nomma-nom aniqlash, aniq roʻyxatini shakllantirish, ularning hayoti va faoliyati haqidagi maʼlumotlarni, arxiv hamda muzeylarda saqlanayotgan hujjatlarni, foto va videomateriallar nusxalarini toʻplash va oʻrganish ishlari bilan shugʻullanishmoqda. Shuningdek, xodimlarning avlodlari va yaqinlari, oʻsha davr voqealarini chuqur biladigan kishilarning xotiralarini yozib olish, oilaviy arxiv va kutubxonalarda saqlanayotgan tarixiy materiallarni, noyob suratlarni toʻplash, keyinchalik viloyat ichki ishlar organlari muzeyida qatagʻon qurbonlari xotirasiga bagʻishlangan ekspozisiya tashkil etish kabi vazifalar yuklandi.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasida boʻlib oʻtgan yigʻilishda Buxoro davlat universiteti huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi direktori, dosent Azalshoh Hamroyev bilan oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Shuningdek, yigʻilish ishtirokchilariga qatagʻon qurboni boʻlgan Buxoro Xalq Respublikasining birinchi ichki ishlar xalq noziri Muxtor Saidjonovning mehnat faoliyati haqida maʼlumotlar berildi.
J.SHUKURLAYEV,
katta leytenant.
Buxoro viloyati.
