IIV Malaka oshirish institutining Bektemir tumanidagi oʻquv bazasida ichki ishlar organlarining ofiser va serjant lavozimlariga toʻgʻridan-toʻgʻri tanlov asosida qabul qilingan xodimlar bilan maxsus kasbiy tayyorlash kurslari tashkil etilgan. Unda Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati, Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati, Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi hamda Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmati boʻyicha saralangan tinglovchilar taʼlim olmoqda.
Tinglovchilar bilan oʻtkazilgan navbatdagi mashgʻulotga Toshkent shahar IIBB YHXB Roʻyxatdan oʻtkazish va imtihon olish boʻlimi katta inspektori, katta serjant Sardor Siddikov taklif qilindi. Amaliyotchi xodim tomonidan tizimdagi islohotlar natijasida faoliyatga tatbiq etilayotgan chora-tadbirlar, transport vositalarini spirtli ichimliklar isteʼmol qilgan holda boshqarganlik uchun javobgarlikni taʼminlash, boshqaruv huquqiga ega boʻlmagan shaxslarga transport vositalarini haydashga yoʻl qoʻyishning huquqiy oqibatlari hamda xorij tajribasining oʻziga xos jihatlari batafsil tushuntirildi.
Mashgʻulot davomida IIV Malaka oshirish institutida Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati boʻyicha taʼlim olayotgan tinglovchilar oʻzlarining qiziqtirgan savollariga mutaxassisdan javob oldilar.
Sarvar SOBIROV,
“Postda” muxbiri.
