Qoʻqon shahrida ichki ishlar organlari hamda Milliy gvardiya xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida taqiqlangan dori vositalari savdosi bilan shugʻullanayotgan shaxs qoʻlga olindi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri oʻzining “Facebook”dagi sahifasida Qoʻqon shahridagi xonadonlardan birida psixotrop moddalar sirasiga kiruvchi dori vositalari sotilayotganligi haqida xabar qoldirgan edi. Joriy yilning 29 noyabr kuni mazkur xabarga oydinlik kiritish maqsadida Qoʻqon shahar IIB jinoyat qidiruv boʻlimi hamda Milliy gvardiya xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilganida, chindan ham xonadon egalari xufyona tarzda shunday faoliyat turi bilan shugʻullanayotganligi maʼlum boʻldi.

Tadbiri davomida fuqaro U.A. xaridorga 300 ming soʻm pul evaziga 2 dona flakonda “Tropikamid 10 ml” va 3 dona “Lirika” yozuvli tabletkalarni voyaga yetmagan qizi orqali sotgan vaqtda yashash xonadoni oldida qoʻlga olingan.

Fuqaroning xonadoni xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganida 19 dona flakonda “Tropikamid 10 ml” va 18 dona “Lirika” yozuvli tabletkalar, 1 dona pichoq hamda 1 dona bita topilgan.

Viloyat IIB Axborot xizmatining xabar qilishicha, holat yuzasidan Qoʻqon shahar IIB xodimlari tomonidan qoʻshimcha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Abduvosit SIDIQOV,

“Postda” muxbiri.

Fargʻona viloyati.