Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi, Axborot xizmati rahbari, polkovnik Shoxruh Gʻiyosov aholi bilan bevosita ishlovchi sohaviy xizmatlar masʼullari bilan muloqot oʻtkazdi. Tadbirda faoliyatni ochiqlik va shaffoflik asosida yuritish, jurnalistlar, blogerlar va ijtimoiy tarmoqlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha tushunchalar berildi. Viloyat ichki ishlar organlari vakillari IIV Axborot xizmati rahbaridan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.
Xuddi shunday Shohrux Gʻiyosov jurnalistlar, blogerlar va ijtimoiy tarmoq faollari bilan ochiq muloqot oʻtkazdi. Mazkur jarayonda jurnalist va blogerlar jamiyatda roʻy berayotgan jinoiy yoki maʼmuriy huquqbuzarliklar hamda boshqa voqea-hodisalar, qolaversa ichki ishlar organlariga oid masalalar boʻyicha tizimning axborot xizmatlari orqaligina aniq maʼlumot olishlari mumkinligi bildirildi.
Shuningdek, muayyan voqea-hodisa haqidagi videolavha, xabar yoki maqolalarni tayyorlashda xolislik va aniqlik tamoyillariga qatʼiy amal qilish zarurligi uqtirildi. Qonunbuzarlik, jinoyat yoki huquqbuzarliklarga oid maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshirib, keyin eʼlon qilish nafaqat axborot tarqatuvchi, balki har qanday shaxs, shu jumladan jurnalist va blogerlarning ham majburiyati ekanligi taʼkidlandi.
Muloqot davomida bloger va jurnalistlarni ichki ishlar organlarining tergov, probasiya, yoʻl harakati xavfsizligi kabi sohaviy xizmatlari faoliyatiga oid masalalar qiziqtirdi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoq orqali muayyan shaxsga bosim oʻtkazishning huquqiy oqibatlari, axborot tarqatish madaniyati, IIV axborot xizmatining rejalari, shaxsga oid maʼlumotlarni oshkor qilmaslik kabi qator masalalar ham yigʻilganlar eʼtiborida boʻldi. Tadbir yakunida ichki ishlar organlarining OAV hamda ijtimoiy tarmoqlar faollari bilan hamkorligini kuchaytirishga oid bir qator chora-tadbirlar belgilab olindi.
Alijon ABDUSATTOROV,
“Postda” muxbiri.
Jizzax viloyati.
