Xorazm viloyati ichki ishlar organlari xodimlari “Qoradori-2022” tezkor-profilaktik tadbiri davomida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi hamda taqiqlangan ekinlarni qonunga xilof ravishda ekish va yetishtirish bilan bogʻliq boʻlgan koʻplab jinoyatlarni fosh etishmoqda. Bu borada hududiy profilaktika inspektorlari ham faollik koʻrsatishyapti.

  Masalan, Gurlan tumanidagi “Olgʻa” mahallasi hududida xizmat faoliyatini olib borayotgan profilaktika inspektori, leytenant D. Gʻoʻchiyev “Xonadonbay” ishlash tizimi yoʻnalishidagi profilaktik tadbir jarayonida taqiqlangan ekinlarni qonunga xilof ravishda ekish bilan bogʻliq boʻlgan jinoyatni fosh etdi. Jumladan, mazkur mahallada istiqomat qiluvchi T. Oʻktam (ismi oʻzgartirilgan) yashash uyining tomorqasiga 4 tup “kannabis” oʻsimligini qonunga xilof ravishda ekib, parvarishlab kelgan. Bundan xabar topgan profilaktika inspektori holat yuzasidan darhol tuman Iibga murojaat qilgan. Hodisa joyiga yetib kelgan tergov-tezkor guruhi xodimlari tomorqadagi tarkibida giyohvandlik vositasi boʻlgan 4 tup, ogʻirligi 11 kilogrammdan ziyod boʻlgan “kannabis” oʻsimligini xolislar ishtirokida rasmiylashtirib oldi.

  Mazkur holat yuzasidan T. Oʻktamga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xudoybergan JABBOROV,

 “Postda” muxbiri.