Surxon vohasining olis Boysun tumani purviqor togʻlar bilan qoplangan goʻzal maskanlardan. Togʻli hududda yashovchi aholining bir qismi tarqoq holda yashashi, togʻ yoʻllarining balandlik, nishabliklardan iborat ekani profilaktika inspektorlari xizmat olib borishida biroz noqulaylik tugʻdirardi. Ushbu noqulaylikni bartaraf etish, profilaktika inspektorlarining uzogʻini yaqin qilish maqsadida ularga xizmat otlari berildi.
Boysun tumani ichki ishlar organlari tizimida olib borilayotgan ishlarni koʻzdan kechirish hamda soha fidoyilarini ragʻbatlantirish maqsadida tumandagi “Bolalar” istirohat bogʻida tadbir tashkil etildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, polkovnik B.Abdullaev, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik A.Ismoilov, Boysun tumani hokimi A.Joʻraev va boshqalar ishtirok etdi.
Tadbirda togʻli hududda xizmat olib borayotgan 7 nafar prfilaktika inspektoriga ilk bor xizmat otlari tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, 19 nafar profilaktika inspektoriga zamonaviy kompʼyuter jamlanmalari berildi. 9 nafar profilaktika inspektori esa namunali xizmat olib borgani uchun tashakkurnoma va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
– Tumandagi uzoq togʻli hududlardan biri boʻlgan Hunarmandlar mahallasida xizmat olib boraman, – deydi profilaktika katta inspektori, kapitan Farhod Moʻminov. – Bizga taqdim qilingan xizmat otlari mahalla hududida istiqomat qiluvchi aholining tinchligi va osoyishtaligini taʼminlashda, ularning muammolarini oʻrganishda yana bir qulaylik yaratdi.
Shu kunning oʻzida IIV Malaka oshirish instituti professor-oʻqituvchilari tomonidan voha hududlarida xizmat oʻtayotgan profilaktika inspektorlari uchun oʻquv tashkil etildi. Unda Boysun tumani profilaktika inspektorlari bilim va malakasini mustahkamlashdi.
Tadbir davomida mehmonlar milliy hunarmandlik mahsulotlari koʻrgazmasini tomosha qilishdi. Unda milliy cholgʻu asboblari, kashtachilik, gilamdoʻzlik, kulolchilik namunalari namoyish qilindi. Shundan soʻng tuman hududida istiqomat qilayotgan 16 yoshga toʻlgan yigit-qizlarga ID-kartalari topshirildi, badiiy kitoblar sovgʻa qilindi.
Tadbir ishtirokchilari tumandagi “Omonxona” sogʻlomlashtirish maskanida xizmat oʻtayotgan viloyat IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi xodimlari tomonidan fuqarolar va sayyohlarning xavfsizligini taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar bilan ham yaqindan tanishishdi.
Feruza RAHMONQULOVA,
“Postda” muxbiri.
Surxondaryo viloyati.
