Joriy yilning 10 aprel kuni Xorazm viloyati hokimligida sektorlar rahbarlari, ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlari, mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida hududlarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, “Obod va xavfsiz mahalla”, “Xavfsiz xonadon”, “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan masalalarga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Majlisni viloyat hokimi F. Ermanov ochib, hududlarda jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashishda keng jamoatchilik bilan hamkorlik samarali tashkil etilayotgani va bu saʼy-harakatlar ayni kunda oʻzining ijobiy samarasini berayotganiga toʻxtalib oʻtdi.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant P. Bobojonov soʻzga chiqib, joriy yil 1-choragida viloyat hududida sodir etilgan jinoyatlar hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi borasida amalga oshirilgan ishlarni atroflicha tahlil qildi. Vazir oʻz soʻzida yashil hududda qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar, ilgʻor tashabbuslarni sariq va qizil hududlarda keng ommalashtirish masalasiga alohida toʻxtaldi. Shuningdek, mutasaddi tashkilotlar boshliqlariga, hududlardagi sektorlarning rahbarlariga jinoyat hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda “Mahallabay” tamoyili asosida ish olib borish, sodir etilgan har bir huquqbuzarlikni mahalla faollari ishtirokida joyida muhokama etish, mayda huquqbuzarliklar kelgusida ogʻir oqibatli jinoyatlarga aylanib ketishi mumkinligiga alohida eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidlab oʻtdi.
Yigʻilishda IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti boshligʻining hamda Ishchi guruh rahbarining oʻrinbosari, polkovnik Hamza Maxsumov soʻzga chiqib, viloyat ichki ishlar organlarining jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va unga qarshi kurashish borasidagi oʻrganishlari yuzasidan hisobot berdi.
Maʼruzada taʼkidlanishicha, joriy yilning oʻtgan birinchi choragida barcha sohalar boʻyicha qayd etilgan jinoyatlar viloyat boʻyicha 9,5 foizga, jinoyat qidiruv sohasi boʻyicha esa 19 foizga kamaygani taʼkidlandi. Viloyat hududidagi 524 ta mahallaning 469 tasida yaʼni 89,5 foizida jinoyat sodir etilmadi.
Ishchi guruh aʼzolari viloyat hududidagi barcha shahar va tumanlarda boʻlib, joylardagi hokimlar ishtirokida profilaktika inspektorlari va mahalla raislari bilan suhbatlashishdi va jinoyatchilikni “Mahallabay” jilovlash, aholining kunlik ijtimoiy-maishiy muammolarini “Fuqarobay” va “Xonadonbay” hal etish boʻyicha aniq tushunchalar berishdi. Shuningdek, kriminogen vaziyat ogʻir 47 ta mahalla, ichki ishlar organlari boshliqlariga biriktirilgan 14 ta maktablar, joylarda oʻtkir mastlik holatidagi shaxslarni tibbiy reabilitasiya qilish uchun tashkil etilayotgan alohida 10 oʻrinli xonalar hamda tuman-shaharlarning 3-sektor shtablari faoliyati tanqidiy oʻrganib chiqilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha amaliy yordam koʻrsatildi.
Shu bilan birga, ishchi guruh aʼzolari viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi, sogʻliqni saqlash boshqarmasi va Yoshlar ishlari agentligining viloyat boshqarmasi rahbarlari bilan suhbatlashib, ushbu sohalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni joyida muhokama qilish masalalariga ham alohida toʻxtalib oʻtdi.
Mamlakatimiz Prezidentining joriy yil 26 martda qabul qilgan “Jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash yuzasidan vazifalar belgilab olindi.
Ichki ishlar vazirligining ishchi guruhi tomonidan olib borilgan oʻrganish natijalariga koʻra, oʻz xizmat hududida jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish va jamoat xavfsizligini taʼminlashda yoʻl qoʻyilgan jiddiy kamchiliklar hamda asossiz ravishda xotirjamlikka va beparvolikka berilganligi uchun 4 nafar ichki ishlar organlari xodimlari egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi hamda yana 4 nafari intizomiy jazoga tortildi.
Xizmat faoliyati davomida ijobiy natijalarga erishgan 15 nafar ichki ishlar organlari xodimlari “Aʼlo xizmatlari uchun” va “Benuqson xizmatlari uchun” koʻkrak nishonlari, IIV “Faxriy yorliq”lari, esdalik qoʻl soatlari hamda pul mukofotlari bilan taqdirlanganligi boʻyicha ichki ishlar vazirining buyrugʻi oʻqib eshittirildi. Xizmatda ijobiy koʻrsatkichlarga erishib, fidoyilik bilan faoliyat koʻrsatayotgan Xonqa tumani IIB HPB huquq-tartibot maskani profilaktika inspektori, leytenant Otajon Yoʻldoshev hamda Qoʻshqoʻpir tumani IIOFMB HPB huquq-tartibot maskani profilaktika inspektori, leytenant Oʻtkirbek Saparovlarga katta leytenan maxsus unvonlari topshirildi. Shuningdek, xodimlarning xizmat olib borayotgan hududidagi shart-sharoitlarni, oilaviy ahvolini inobatga olib doimiy yashash joyidan olisda xizmat qilayotgan 5 nafar profilaktika inspektori rotasiya qilindi.
Joylarda oʻtkazilayotgan bu kabi sayyor uchrashuv va yigʻilishlarda ichki ishlar xodimlarining keng jamoatchilik bilan hamkorligini yanada mustahkamlash, aholining huquqiy bilimini oshirish, qonun ustivorligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Amalga oshirilayotgan keng koʻlamdagi bunday tadbirlar yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.
Sodiq HAKIMOV olgan suratlar.
