Pogon taqqan ayollar

Oʻsha kuni Shahrinisa otasining xizmat kiyimini dazmollayotgandi. Qanday qilib koʻnglidagi niyati loʻp etib ogʻzidan chiqib ketganini oʻzi ham bilmaydi. U:

– Maktabni bitirsam, men ham dadamga oʻxshab ichki ishlar organlarida ishlayman, – desa boʻladimi.

– Qiz bolaga organda ishlashni kim qoʻyibdi! – deya koyib berdi onasi. – Undan koʻra oʻqituvchi boʻl. Darsingni oʻtib boʻlgach, uyingga kelib, xonadoningni saranjom-sarishta qilib oʻtirasan, bolalaringga qaraysan.

Shu gapdan soʻng Shahrinisa onasining raʼyiga qarshi borolmadi. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida tarix yoʻnalishida oʻqidi. Universitetni bitirgach, oila qurdi. Ishiga, roʻzgʻor tashvishlariga boshi bilan shoʻngʻib ketdi...

Kamoliddin Behzod nomidagi miniatyura muzeyida direktor oʻrinbosari lavozimida ishlab yurgan kezlari edi. Oilasi bilan poytaxtimizning Yunus­obod tumanidagi mahallada yashardi. Ishdan boʻsh vaqtlarida tanish-bilishlari, qoʻni-qoʻshnilariga kiyim-kechak tikib berardi.

Bir kuni IIV Jiebbning shu tumanda joylashgan 1-tergov hibsxonasi xodimi yangi formasini toʻgʻrilatgani olib keldi. Buni qarangki, dilining qat-qatiga koʻmilib ketgan orzu choʻgʻi hali ham soʻnmagan ekan. Haligi xodimning xizmat kiyimini toʻgʻrilash asnosida ana shu miltillagan choʻgʻ alangalanib ketsa boʻladimi. Kechki payt umr yoʻldoshi ishdan qaytishi bilan, Shahrinisa niyatini aytib, ruxsat soʻradi.

– Oʻzing bilasan. Agar oiladagi ayollik, onalik vazifangni ham, ishingni ham eplasang, men qarshi emasman, – dedi turmush oʻrtogʻi.

Ertasi kuni Shahrinisa qanot chiqarib, 1-tergov hibsxonasiga uchib bordi. Muassasa rahbariyatiga uchradi. Niyati xolis ekan, jarayon oʻz-oʻzidan tezlashib ketdi. Xuddi kechagiday yodida – 2009 yilning 5 dekabrida mazkur muassasada tartibot va qoʻriqlash boʻlimi nazoratchisi vazifasida faoliyatini boshladi. Ustozi, katta nazoratchi Diana Murtazina unga sohaning sir-asrorlarini erinmay oʻrgatdi.

IIV Akademiyasi Serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kursini 2012 yilning mart oyida tamomlab, IIV JIEBB Tashkiliy inspektorlik boshqarmasi katta inspektori lavozimida xizmatni davom ettirdi.

Lavhamiz qahramoni 2021 yilning dekabrida unga JIED Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash boshqarmasida yangi joriy qilingan xotin-qizlar masalalari yoʻnalishida muhim topshiriqlar boʻyicha inspektor lavozimida ish boshlagach, xotin-qizlar orasidagi muammolar va tashvishlar olamiga shoʻngʻib ketdi.

Shundan soʻng kapitan Shahrinisa Qoʻldosheva Departamentning barcha mintaqaviy muvofiqlashtirish markazlarida, jazoni ijro etish muassasalarida xizmat safarida boʻlib, xodimalarning xizmat faoliyati, oilaviy sharoiti bilan yaqindan tanishdi. Hatto bola parvarishlash taʼtilida boʻlganlar ham nazaridan chetda qolmadi.

Uning saʼy-harakatlari bilan oʻtgan yil mobaynida 22 nafar xodimaga ssuda ajratildi. Oʻzi, yaqin qarindoshi betob boʻlgan, oilaviy toʻy-maʼraka oʻtkazganlarga, uy-joyi taʼmirtalab boʻlganlarga moddiy yordam koʻrsatildi. Yelib-yugurib xotin-qizlar oʻrtasida turli koʻrik-tanlovlar, sport musobaqalari, davra suhbatlari, psixologik treninglar tashkil etdi.

Natijada oʻtgan bir yil ichida tizimda faoliyat koʻrsatayotgan xodimalarning xizmat samaradorligi yanada oshdi. Ular oʻrtasida maʼnaviy muhit yaxshilandi. Ijobiy natijalar JIED rahbariyatining eʼtiboridan chetda qolmadi, albatta. 2022 yil dekabrida kapitan Shahrinisa Qoʻldosheva IIV huzuridagi JIED Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash bosh­qarmasi boshligʻining xotin-qizlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi.

Xotin-qizlarning xizmat faoliyati va yashash sharoitini oʻrganish tizimli ravishda davom ettirilmoqda. Bunda lavhamiz qahramoniga muassasa boshliqlari va ularning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari yaqindan koʻmak berishmoqda. Qolaversa, jamoatchilik asosida ish olib borayotgan xotin-qizlar kengashlari raislari uning suyanchi, tayanchi. Departament boshligʻi, polkovnik Rustam Tursunovning «Tizimdagi oddiy farroshning ham dardini eshiting, tashvishini ariting. Kerak boʻlsa bu yoqda biz ham unga yordam berishga tayyormiz», – degan soʻzlari hamisha qulogʻi ostida jaranglab turadi.

Kapitan Shahrinisa Qoʻldoshevaning rejalari bisyor, orzulari ham talaygina. Masalan, IIV Akademiya­si magistraturasida oʻqish niyatida. Shuningdek, ilmiy izlanishlar olib bormoqchi. Bu istaklari ham ijobat boʻlsa, ne ajab. Zero, orzu choʻgʻi hech qachon soʻnmas ekan. Oʻgʻillari Azizjon bilan Azimjon unga «Siz hammasini uddalaysiz. Chunki siz dunyoda eng yaxshi oyisiz!» deyishadi. Dilbandlarining bu soʻzlari unga doim ruhiy kuch-quvvat berib turadi.

 

Bobomurod TOSHEV.