Toshkent shahar IIBB JTSB PPX brigadasi majlislar zalida YHXB shaxsiy tarkibi va ularning ota-onalari hamda turmush oʻrtoqlari bilan Ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida xizmat intizomiga hamda qonuniylikka rioya qilishga qaratilgan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Aziz Ikramov hamda bosh boshqarma rahbariyati ishtirok etdi. 

Vazir oʻrinbosari soʻz olar ekan, hukumatimiz tomonidan Ichki ishlar organlari xodimlariga yaratilayotgan shart-sharoitlar va berilayotgan imtiyozlar haqida gapirib oʻtdi. Shaxsiy tarkibni xizmat intizomiga va qonuniylikka qatʼiy rioya qilib, imtiyozlar munosib foydalanib, kelgusida yorugʻ yuz bilan nafaqaga chiqishlarini tiladi. 

Xodimlarning ota-onalariga murojaat qilarkan farzandlari tomonidan yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan salbiy holatlarning oldini olishda nazoratni hamda eʼtiborni yanada kuchaytirishga chaqirdi. Shuningdek, xizmatda oʻzini namunali koʻrsatib, hamkasblariga oʻrnak boʻlayotgan xodimlarning ota-onalariga “Tashakkurnoma” eʼlon qilinib, gul va sovgʻalar taqdim qilindi. 

Shuningdek, yigʻilishga taklif qilingan ota-onalarning taklif va mulohazalari ham tinglanib, ular tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.

 Sarvar SOBIROV,

«Postda» muxbiri.