Fargʻona shahrida Oʻzbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish departamentining 2-mintaqaviy hudud 10-son tergov hibsxonasi shaxsiy tarkibi, ularning ota-onalari hamda faxriylar ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, xodimlarning ota-onalari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida tashkil etilgan tadbirda departamentning 2-mintaqaviy muvofiqlashtirish markazi boshligʻi, podpolkovnik Aʼzam Otaxodjaev ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida uchrab turgan ayrim salbiy illatlar va xizmat intizomiga rioya etmaslik holatlari haqida soʻz yuritdi. Bunday holatlarning oldini olishda ota-onalarning roli muhim ekanligi, ular farzandining yurish-turishi, xulqidagi oʻzgarishlardan, ishxonasidagi yangiliklardan xabardor boʻlib turishi kerakligi taʼkidlandi.
Jumladan, 10-tergov xibsxonasi boshligʻi, mayor Joʻrabek Saminjonov, Fargʻona viloyati IIB Faxriylar kengashi raisi, isteʼfodagi podpolkovnik Arabboy Usmonov hamda Fargʻona shahar imom noibi Lazizbek Suyarqulovlar ham soʻz chiqib, Vatanga muhabbat, kasbga sadoqat, fuqarolar bilan muomala madaniyati, halollik hamda ota-ona masʼuliyati kabi tushunchalar haqida soʻz yuritdi.
Tadbirda shaxsiy tarkib orasida namunali xizmat qilib, kasbdoshlariga oʻrnak boʻlayotgan xodimlarning sharafli mehnati ham eʼtirof etildi. Bir guruh fidoyi xodimlar hamda ularning ota-onasiga 2-mintaqaviy muvofiqlashtirish markazi rahbari hamda 10-tergov hibsxonasi boshligʻining tashakkurnomalari tantanali ravishda topshirildi. Yaxshi farzand oʻstirgani uchun ularga rahmat aytildi.
Tadbirda ishtirok etgan ona-onalar samimiy hamkorlik va koʻrsatilgan eʼtibor uchun hibsxona rahbariyatiga minnatdorlik bildirishdi.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
