Safdoshlari bilan 2004-yilning 30-mart kuni Qibray tumanidagi «Qoramurt» blok-postiga xizmatga yuborilgan Toshkent viloyati IIB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi yoʻl-patrul xizmati batalyonining safarbarlik guruhi inspektori, militsiya starshinasi Vahobidjon Nuriddinov poytaxtimizda yuz bergan noxush voqealar bois ancha sezgir va hushyor edi. Transport vositalarini sinch­kovlik bilan tekshirayotgan Vahobidjon «Tiko»ning salonini koʻzdan kechirayotib, xavfli qurollar va turli qoʻporuvchilik ashyo­larini yashirin ravishda shaharga olib kirayotgan gʻalamislarni aniqlaydi. Siri fosh boʻlganligini sezgan manfur kimsalardan biri zudlik bilan tanasidagi portlovchi moslamani harakatga keltirib yuboradi. Vahobidjon hayotini qurbon qilib boʻlsa-da, katta xatarning oldini olishga munosib hissa qoʻshadi. 

Vafotidan soʻng mamlakatimiz Prezidentining farmoniga binoan, «Jasorat» medali bilan mukofotlangan Vahobidjon Nuriddinovning sharafli kasbini oʻgʻli davom ettirmoqda. Hozirda Toshkent viloyati IIBB JXX YHXB videokuzatuv guruhi inspektori lavozimida xizmat qilayotgan safdor Abrorjon Jumanov otasi bilan haqli ravishda faxrlanishini taʼkidladi. 

Mixli SAFAROV,

oʻz muxbirimiz.