Tadbir

21 oktyabr – Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash qoʻshinlariga qarashli Islom Karimov nomidagi «Toshkent» xalqaro aeroportida xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha batalonida tadbir boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir va tarjimon Asror Moʻmin, tuman hududidagi 206 va 218-sonli umumtaʼlim maktablarining havaskor jamoalari ishtirok etdi.

– Oʻzbek tili bor ekan, oʻzbek millati bor. Oʻzbek millati bor ekan Oʻzbekiston bor, – dedi tadbirda soʻzga chiqqan Asror Moʻmin. – Oʻzbek tilining paydo boʻlishi, rivojlanishi uzoq yillarga borib taqaladi. Mahmud Qoshgʻariyning «Devoni lugʻatit turk» asari ham turkiy til, yaʼni oʻzbek tilida yaratilgan birinchi tilshunoslikka oid muhim asar hisoblanadi. Oʻzbek tilining sofligini asrab qolish, uning xor boʻlishi, yoʻqolib ketishining oldini olish maqsadida ajdodlarimiz, xususan, jadidlar tomonidan katta kurashlar boʻldi. Qurbonlar berildi. Bu kurashlar yurtimiz mustaqillikka erish arafasida yanada avj oldi. Shukurki, bugun tilimiz boshqa koʻplab tillar qatori, oʻz jozibasini koʻz-koʻz qilmoqda, rivojlanmoqda.

Shoir shu yerning oʻzida viktorina oʻtkazdi. Oʻzbek tilining rivojlanish bosqichlari, muhim sanalar yuzasidan bir necha savollar berib, gʻoliblarga oʻzi bilan olib kelgan adabiyotlarni sovgʻa qildi. Shundan soʻng navbat 206 va 218-sonli umumtaʼlim maktablarining havaskorlar jamoalariga berildi. Oʻquvchilar Oʻzbekiston xalq shoirlari Erkin Vohidov, Muhammad Yusufning tilimizga bagʻishlangan mashhur sheʼrlarini yoddan aytishdi, oʻzlari tayyorlab kelgan kuy-qoʻshiq va raqslarni ijro etishdi.

Tadbir soʻngida harbiy orkestr tomonidan Vatan, muhabbat haqidagi kuy-qoʻshiqlar ijro etildi. Bu esa tadbirga yanada koʻtarinkilik bagʻishladi.

Oʻz muxbirimiz.