Kun qahramoni
U 1980 yilning 3 avgust kuni Samarqand viloyatining Bulungʻur tumanida tugʻilgan. 2003 yilda Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurtini tamomlagan. Ilk faoliyatini Qarshi shahri IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli harbiy qismda guruh komandiri lavozimidan boshlagan.
2013 yilda Andijon shahridagi harbiy qism komandirining taʼminot boʻyicha oʻrinbosari lavozimida faoliyatini davom ettirdi. Ayni paytda Buxoro viloyatidagi IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli harbiy qism komandirining oʻrinbosari lavozimida samarali xizmat qilib kelmoqda. U shartnoma asosidagi harbiy xizmatchilarga hamda shaxsiy tarkibga qulay shart-sharoitlar yaratish yoʻlida tinimsiz harakatda. Oziq-ovqat mahsulotlari hamda kiyim-kechak buyumlarini oʻz vaqtida yetkazish, tozalik va kommunal toʻlovlarni nazorat qilish oson ish emas. Qolaversa, Buxoro harbiy maʼmuriy sektori rahbariyati hamkorligida qismda amalga oshirilayotgan qurilish ishlarida ham oʻz oʻrni bor. Bundan tashqari, harbiy qismning yer maydonlarini obodonlashtirishda, koʻkalamzorlashtirishda ham munosib hissa qoʻshayapti.
Intiluvchan, mehnatkash, fidoyi lavhamiz qahramoni bir necha bor hukumatimiz tomonidan munosib mukofotlandi. 2014 yili “Sodiq xizmatlari uchun” medali, 2017 yili “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 25 yilligi” hamda yaqinda Ichki ishlar organlari xodimlari kuni arafasida “Qoʻshin aʼlochisi” koʻkrak nishonlari bilan taqdirlandi.
Akmal Majitov hayotida nimagaki erishgan, qanday yutuqlarni qoʻlga kiritgan boʻlsa, hammasi uchun, birinchi navbatda ota-onasi, ustozlaridan bir umr minnatdor.
Mirzoqul AHADOV,
“Postda” muxbiri.
Buxoro viloyati.
