Poytaxtda tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash, jamoat xavfsizligi hamda kriminogen vaziyat barqarorligiga erishishda Toshkent shahar IIBB Yagona tezkor boshqaruv markazining alohida oʻrni bor.

– Yagona tezkor boshqaruv markazi Prezidentimizning «Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi, – deydi Toshkent shahar IIBB boshligʻi, general-mayor Aziz Toshpoʻlatov. – Dastavval, mahalliy dasturchilarimiz tomonidan «Qalqon» nomli axborotlar dasturi ishlab chiqildi. Shuningdek, oʻtgan davr mobaynida Toshkent shahridagi barcha bino va inshootlar xatlovdan oʻtkazilib, markazning asosiy platformasi – «Geoinformatsion elektron xarita» avtomatlashtirilgan dasturga kiritildi.

Unga infratuzilma obyektlari va shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish, qayta ishlash va uzatish maqsadida yettita vazirlik va idoralarning 55 ta elektron bazalari integratsiya qilindi. Shuningdek, «E-manzil», «Shakl-1», «E-mehmon», «Kadastr» hamda transport oqimi, qidiruvdagi va 37 turdagi profilaktik hisobdagi shaxs­lar boʻyicha bazalar, shahrimizning 10 mingdan ortiq turar va noturar obʼyektlariga oʻrnatilgan videokuzatuv kameralarini bevosita nazorat qilish imkoniyati ham mavjud.

Bundan tashqari, poytaxt hududidagi 21 ta yoʻnalishdagi jamoat transporti hisoblanmish avtobuslarga sinov tariqasida shaxsni yuzidan tanib oluvchi videokamera hamda tashvish tugmachalari oʻrnatildi. Shu bilan bir qatorda, yoʻlovchi transporti va jamoat joylarida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish maqsadida respublika boʻyicha ilgari «kissavurlik» jinoyatini sodir etgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar «Qalqon» axborotlar dasturiga kiritildi. Natijada bozor va jamoat joylarida 28 nafar hamda yoʻlovchi avtobuslarida 18 nafar kissavurlik jinoyatini sodir etgan shaxslar jinoyat ustida qoʻlga olinib, qonun ustuvorligi taʼminlandi.

Koʻcha va jamoat joylarida xizmat olib borayotgan xodimlarni onlayn kuzatish, vaziyat yuzasidan ularni yoʻnaltirish orqali huquqbuzarlik hamda jinoyatchilikning oldini olish, sodir etilganlarini «issiq izida» bartaraf etish ham markazning imkoniyatlaridan biridir. Qilingan ishlar natijasida kuch va vositalarni tezkor boshqarish orqali hodisa joyiga 3–5 daqiqa ichida yetib borilishi taʼminlanmoqda. Qidiruv­da boʻlgan transport vositalari, olib qochilgan avtomashinalar aniqlanib, oʻz vaqtida ushlanmoqda. Shuningdek, jinoyat sodir etib, tergov va sud organlaridan yashirinib yurgan qidiruvdagi shaxslar qisqa fursatda qoʻlga olinishi taʼminlanmoqda.   

Markazda oʻrnatilgan zamonaviy kompyuter texnologiyalari hamda monitorlarda shahar kaftdek namoyon boʻlib turadi. Kichik-kichik koʻchalardan tortib barcha postlargacha onlayn rejimda koʻrinib turadi. Respublikamizning barcha viloyatlaridan qancha transport vositalari shahar «darvoza»laridan kirib kelayotgani markaz xodimlari nazorati ostida. Poytaxtning katta-katta chorrahalarida svetofor ishlamay qolib, tirbandlik yuzaga kelsa, zudlik bilan bu holat bartaraf etilishi yuzasidan yaqin oradagi YPX inspektorlariga xabar berilib, oʻsha manzilga yoʻnaltiriladi. Shuningdek, ommaviy tadbirlar yoki odamlar gavjum boʻlgan joylardagi vaziyat ham doimiy kuzatuv ostida. Imkoniyat darajasi katta boʻlgan «Qalqon» dasturi hatto maydondagi odamlar sonini ham aniqlay oladi.

Prezidentimiz markaz faoliyati bilan tanishish maqsadida tashrif buyurganlarida aniq va ustuvor vazifalar, yaʼni mahallalarda xizmat olib borayotgan profilaktika inspektorlarining nazorat tizimini joriy qilish, ular tomonidan olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida monito­ring olib borish topshirigʻini berdilar.

Zamon talablariga mos, axborot-texnologiyalari bilan jihozlangan Yagona tezkor boshqaruv markazida poytaxt hududi kecha-yu kunduz kaftdek koʻrinib turadi. Bu esa vaziyat barqarorligi hamda osoyishtalikni taʼminlashda «bedor koʻz» vazifasini oʻtaydi.

Sarvar SOBIROV,

oʻz muxbirimiz.