Ichki ishlar organlarini tezkor, prefessional va xalqchil tuzilmaga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilayotgan yutuqlardan jamoatchilikni xabardor qilish, shuningdek, yoshlar oʻrtasida ichki ishlar organlari sohasiga qishiqish va havas uygʻotish maqsadida Fargʻona viloyait IIB JTSB patrulʼ-post xizmati batalʼonida press-tur tashkil etildi.
Viloyat IIB Axborot xizmati tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda respublika va mahalliy OAV vakillari, bloggerlar bilan birga, IIV Fargʻona akademik litseyi hamda Fargʻona yuridik texnikumi oʻquvchilari ham ishtirok etishdi.
Tadbir davomida kinologiya xizmati xodimlari tomonidan xizmat itlari yordamida amalga oshirilgan koʻrgazmali chiqishlar yigʻilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Batalʼon mutaxassislari tomonidan xizmat transportlari hamda xizmatda foydalaniladigan uskunalar, qurollar va maxsus vositalar koʻrgazmasi tashkil qilinib, press-tur ishtirokchilariga tanishtirildi.
Tadbir ishtirokchilari, shuningdek, batalʼon sport zali va maydonlarini ham koʻzdan kechirdilar. Shu yerda xodimlarning mashgʻulot jarayoniga bevosita guvoh boʻlib, sport sohasida katta yutuqlarga erishayotgan yurt posbonlari bilan yuzma-yuz muloqot oʻtkazishdi.
Press-tur davomida jurnalistlar va yoshlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob qaytarildi.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
