Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, Jamoat xavfsizligini taʼminlash departamenti boshligʻi, polkovnik B.Abdullayev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti xavfsizlik kengashi shoʻba mudiri M.Ergashev bilan birgalikda Buxoro viloyati IIB boshligʻi, polkovnik Sh.Aliyev hamda boshqa mutasaddi rahbarlar hamrohligida Buxoro tumani Madaniyat saroyida Buxoro, Romitan va Peshku tumanlari, Vobkent tumani hokimligi binosida esa Vobkent, Gʻijduvon hamda Shofirkon tumanlarida xizmat olib borayotgan profilaktika (katta) inspektorlari bilan yuzma-yuz uchrashib, mahallalarda jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yoʻl qoʻyib kelinayotgan tizimli kamchiliklarni muhokama qildi.
Polkovnik B.Abdullayev profilaktika inspektorlari bilan samimiy va ochiq muloqot qilib, Prezidentimiz tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmatiga, ayniqsa, profilaktika inspektorlariga yaratilayotgan qulay sharoitlar toʻgʻrisida soʻz yuritib, xodimlarning xizmat intizomi va qonunchilik talablariga qatʼiy rioya qilishlari, sohadagi ayrim muammolarni bartaraf qilish boʻyicha oʻzining talab, taklif hamda tavsiyalarini bildirdi.
Oʻtkazilgan muloqotlar davomida “Xavfsiz hudud” keng qamrovli profilaktik tadbirlari doirasida tashkil etilgan profilaktik tadbirlarda samarali ish olib borgan, oʻziga biriktirilgan xizmat hududida jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasidagi ishlarni toʻgʻri tashkil etib, mahallasini jinoyatlardan xoli hududga aylantirgan, jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻymagan profilaktika (katta) inspektorlarining 24 nafariga Ichki ishlar vazirligining tashakkurnomasi va pul mukofotlarini topshirdi.
Sh.JALOLOV,
podpolkovnik.
Buxoro viloyati.
