9 may – Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Xotira monumentida tadbir boʻlib oʻtdi. Unda boshqarma rahbariyati, sohaviy xizmatlar xodimlari, faxriylar va xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlgan xodimlarning oila aʼzolari ishtirok etdi.

Tadbirni viloyat IIB boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik Zavqiddin Xoʻjanov ochib, Ikkinchi jahon urushida erishilgan gʻalabaga xalqimiz munosib hissa qoʻshganini alohida taʼkidlab oʻtdi. Koʻplab yurtdoshlarimiz janggohlarda mardlik va jasorat koʻrsatdilar. Jumladan, viloyat ichki ishlar organlarining 97 nafar xodimi ham janglarda ishtirok etdi. Ularning ayrimlari janggohlarda halok boʻlgan boʻlsa, bir qismi urushdan soʻng ichki ishlar organlarida uzoq yillar el osoyishtaligi yoʻlida samarali xizmat qilishdi.

Oʻtganlarni xotirlash, safimizda yurganlarni qadrlash, ularga hurmat-ehtirom koʻrsatish bugungi yosh avlodning vazifasi. Xuddi shuningdek, ichki ishlar organlarida mustaqilligimizni mustahkamlash, el osoyishtaligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash yoʻlida samarali xizmat qilib, bor bilimi va tajribasini ishga solib, kezi kelganda, jonini fido etgan soha fidoyilarini yod etish ham farz, ham qarz.

Tadbirda xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok boʻlgan xodimlarning oila aʼzolariga ehtirom koʻrsatilib, bayram sovgʻalari topshirildi.

Sodiq RAHIMOV,

oʻz muxirimiz.

Qashqadaryo viloyati.