Navoiy viloyati IIB JXX JTSB karantin tadbirlarini taʼminlash guruhi xodimlari tomonidan muntazam ravishda oʻtkazilayotgan reydlar natijasida isteʼmolga yaroqsiz oziq-ovqat mahsulotlarini tashish yoki sotish bilan bogʻliq qonunbuzarliklar aniqlanib, bartaraf etilyapti.
Yaqinda Navoiy shahridagi Markaziy dehqon bozorida oʻtkazilgan reyd jarayonida O.D.ga tegishli boʻlgan goʻsht mahsulotining koʻrinishi xodimlarda shubha uygʻotdi. Shu sababali undan namuna olinib, yaroqliligini tekshirib koʻrish maqsadida viloyat veterinariya va chorvachilik rivojlantirish boshqarmasining labaratoriyasiga yuborildi. Mutaxassislarning xulosasiga koʻra, goʻsht mahsuloti isteʼmolga yaroqsizligi oʻz tasdigʻini topdi.
Mazkur sotuvchiga nisbatan tegishli tartibda chora koʻrildi. Shuningdek, Karmana tumanida joylashgan “Samarqand” YPX maskanida oʻtkazilgan reyd tadbirida fuqaro K.E.ga tegishli boʻlgan “Kobalt" rusumli avtomashina toʻxtatildi. Xodimlar avtoulovni koʻzdan kechirishganida, mashina yukxonasida va oʻrindiqlari ustida isteʼmolga yaroqsiz qoʻy goʻshti borligi maʼlum boʻldi. Mahsulot hech qanday hujjatlarsiz, buning ustiga tashish qoidalariga zid ravishda olib ketilayotgan edi. Shu sababli mazkur holat yuzasidan veterinariya va chorvachilik rivojlantirish boshqarmasining xodimlari bilan hamkorlikda qonuniy chora koʻrildi.
Mahliyo XOLOVA,
“Postda” muxbiri.
Navoiy viloyati.
