Kun qahramoni

“General boʼlishni orzu qilmagan askar – askar emas” degan ajoyib ibora yuradi harbiylarda. Bizning qahramonimiz – Sariosiyo tumani IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʼlimi hujjatchisi, safdor Javohir Aʼzamov ham Ichki ishlar vaziri boʼlishni orzu qiladi.

U 1996 yili Sariosiyo tumanida tugʼilgan. Uzun tumanidagi maishiy xizmat kasb-hunar kollejini tamomlab, harbiy xizmatni oʼtab kelgan. Akasi harbiy boʼlgani bois Vatanga xizmat qilishdek sharafli kasb egasi boʼlishni orzu qilgan Javohir 2017 yili qoʼriqlash xizmati safdor xodimi sifatida oʼz faoliyatini boshlagan.

Ayni paytda Javohir Aʼzamov Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʼlimida fuqarolikni tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish uchun kunda oʼnlab fuqarolar bilan muloqot qiladi. Ularning zarur hujjatlarini shakllantirib, ID karta olishlariga koʼmaklashib kelmoqda.

Aytish kerakki, bugungi kunga qadar boʼlim tomonidan 2680 nafar fuqaroga ID karta, 16 ming nafarga yaqin fuqaroga esa xorijga chiqish-kelish pasporti rasmiylashtirildi. Chegara hududlarda yashovchi 323 nafar shaxs vaqtincha roʼyxatga olindi. Mazkur yoʼnalishdagi ishlarni oʼz vaqtida amalga oshirishda safdor Javohir Aʼzamovning ham hamkasblari qatori yaxshigina hissasi bor.

Oʼz ishini puxta bajaradigan Javohir fuqarolar bilan ham xushmuomalalik bilan munosabatda boʼladi. Yaxshi xulq va odobi uchun esa hamkasblari ham uni hurmat qilishadi.

Orzulari osmon qadar boʼlgan qahramonimizning niyatlari amalga oshishini biz ham istardik. Zero, el yukini yengil qilish niyati bilan yashayotgan yigitning boshqalarga nafi koʼproq tegadi.

Feruza RAHMONQULOVA,

“Postda” muxbiri.

Surxondaryo viloyati.