Uch avlod uchrashuvi


  Xorazm viloyati Iibda mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Uch avlod uchrashuvi” boʻlib oʻtdi. Unga ichki ishlar organlari faxriylari, yosh xodimlar hamda IIV Xorazm akademik litseyi oʻquvchilari taklif etildi. Tadbirni viloyat IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshligʻi, polkovnik Abduvohid Imyaminov ochib, ustoz-shogird anʼanasi, faxriylarning ibratli hayoti va xizmat faoliyati yosh xodimlar uchun muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

  Uchrashuvda viloyat IIB boshligʻining maslahatchisi, isteʼfodagi polkovnik Rustam Rahimov, viloyat IIB Faxiylar kengashi raisi, isteʼfodagi polkovnik Aminboy Tojiyev, faxriylardan isteʼfodagi podpolkovniklar Bahodir Rahimov, Madamin Ochilov, Shavkat Otajonovlar soʻzga chiqib, mamlakatimizda yoshlarni vatanga muhabbat, kasbga sadoqat ruhida tarbiyalash borasida samarali ishlar amalga oshirilayotgani, bu xayrli ishlarda keksa avlod vakillarining ham munosib hissasi borligiga alohida toʻxtalib oʻtishdi.

  – Faxriylarimizning hayot yoʻli, erishgan yutuqlari, xayrli amallari yoshlarimiz uchun ibratlidir, – deydi viloyat IIB boshligʻining maslahatchisi, isteʼfodagi polkovnik Rustam Rahimov. – Shu bois, bunday maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar kelajagimiz egalari boʻlgan yoshlarimizning jamiyatdagi mavqeini yanada yuksaltirib, Yangi Oʻzbekistonning chinakam vorislari qilib tarbiyalaydi.

  Tadbirda huquq-tartibotni mustahkamlash, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va unga qarshi kurashishdagi fidoyi xizmati hamda jamiyatimizni yuksaltirishdagi faol ishtiroki uchun bir guruh ichki ishlar organlari xodimlari, faxriylar, xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlgan xodimlarning oila aʼzolariga tashakkurnoma va bayram sovgʻalari topshirildi.

                                                                         Xudoybergan JABBOROV,

                                                                                “Postda” muxbiri.