Qadimiy va navqiron Shahrisabz shahri doimo sayyohlarni oʻziga maftun etadigan qadamjolardan biri. Uning bagʻrida qad rostlagan “Oqsaroy” tarixiy majmuasi esa, oʻzining uzoq asrlik salobati bilan yurtimiz va xorijiy mehmonlar oqimining yanada koʻpayishiga xizmat qilayotir.


Shu sababli, mazkur hududga kelayotgan sayyohlar xavfsizligini taʼminlash hamda ular bilan bogʻliq boʻlgan koʻngilsiz holatlarning oldini olish borasida ham viloyat IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi xodimlari tomonidan koʻplab saʼy-harakatlar olib borilmoqda.


Yaqinda viloyatning Qamashi tumanidagi maktablarning birida tahsil olayotgan bir guruh oʻquvchi-yoshlar ustozlari hamrohligida bu yerga sayohatga kelishdi. “Oqsaroy” va uning atrofini aylanib, oʻzlarining tarixiy bilimlarini boyitayotgan kelajagimiz egalaridan biri, uyali aloqa vositasini choʻntagidan tushirib qoʻyganligini aytib, osoyishtalik posbonlariga murojaat qiladi. Shundan soʻng, zudlik bilan ishga kirishgan xodimlar yoʻqolgan telefonni topib, egasiga qaytaradi. Bundan oʻzida yoʻq quvongan bolakay va uning ustozlari ham soha xodimlariga cheksiz minnatdorlik bildirishadi.

Bu esa, yurtimizning boy tarixi, undagi madaniy obidalar hamda bugungi kun taraqqiyotiga guvoh boʻlish niyatida kelgan insonlar qalbida oʻz xavfsizligiga boʻlgan ishonch tuygʻusini yanada mustahkamlashda muhim omil boʻlmoqda.

Shahzod NOSIROV,


katta leytenant.