Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Bosh prokuratura hamda Sudʼyalar oliy kengashining joriy yil 10 apreldagi qoʻshma qaroriga binoan, ichki ishlar organlari tizimidagi profilaktika inspektorlarini xizmatdan ajralmagan holda “shahar inspektori” va “qishloq inspektori” modellari asosida ikki bosqichda bazaviy kasbiy va chuqurlashtirilgan oʻquv yigʻinlarini oʻtkazish belgilangan edi.
Shu munosabat bilan, vazirlik Akademiyasi, Malaka oshirish instituti, Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti professor-oʻqituvchilari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosarlari, polkovnik I. Axmedov, podpolkovnik O. Turdibaev, vazirlik Malaka oshirish instituti hududiy filiali rahbari, podpolkovnik S. Allambergenov va profilaktika inspektorlari ishtirokida sayyor oʻquv yigʻini oldidan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Unda soʻzga chiqqan vazir oʻrinbosari I. Axmedov yurtboshimiz tomonidan shu yilning 12 fevralʼ kuni Ichki ishlar vazirligi Hayʼatining kengaytirilgan yigʻilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalar, ichki ishlar organlari tizimida soʻnggi toʻrt yil mobaynida oʻtkazilgan islohotlar hamda bugungi kunda soha xodimlari oldiga qoʻyilayotgan asosiy talablarga atroflicha toʻxtaldi.
Podpolkovnik O. Turdibaev esa aholi oʻrtasida huquqbuzarliklarning har qanday koʻrinishiga nisbatan murosasizlikni shakllantirishga qaratilgan samarali ishlarni amalga oshirish barcha profilaktika inspektorlarining asosiy vazifasi ekanligini taʼkidlab, oʻquv yigʻiniga jalb etilgan xodimlar tomonidan mavzularni toʻliq oʻzlashtirishi, oʻquv-xizmat intizomiga qatʼiy amal qilishi hamda bazaviy kasbiy va chuqurlashtirilgan oʻquv yigʻinlari yakunida imtihonlarni yuqori koʻrsatkichlar bilan topshirish lozimligini batafsil tushuntirdi.
Shundan soʻng, vazirlik Malaka oshirish institutining hududiy filiali rahbari, podpolkovnik S. Allambergenov, Oʻzbekiston Respublikasining nazorat va huquq-tartibot organlari tomonidan joriy yil 10 aprelda qabul qilingan qoʻshma qarorining mazmun-mohiyati, bazaviy kasbiy va chuqurlashtirilgan oʻquv yigʻinlarining asosiy maqsadi, vazifalari, kun tartibi hamda oʻquv-xizmat intizomiga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Azamat PIRNIYaZOV,
“Postda” muxbiri.
