Fuqarolarning sud-huquq sohasidagi murojaatlarini tinglash, bu boradagi dolzarb masalalarni oʻrganish va ularni ijobiy hal qilish maqsadida Xorazm viloyatida Prezident Administratsiyasi, xalq qabulxonalari, sud, sudyalar oliy kengashi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbar xodimlari ishtirokida sayyor ommaviy qabullar oʻtkazilmoqda.

Ana shunday ommaviy qabullar Hazorasp, Tuproqqalʼa va Bogʻot tumanlari aholisi uchun Hazorasp tumanining Gʻafur Gʻulom mahalla fuqarolar yigʻinida hamda Urganch shahri, Xonqa va Urganch tumanlari aholisi uchun Xonqa tumani “Durvadik” mahallasidagi fermer hoʻjaligi dala shiyponida boʻlib oʻtdi.

Unda respublika sud-huquq sohasi rahbariyati bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, general-mayor B. Mirzarahimov ishtirok etib, fuqarolarning ichki ishlar organlari faoliyati bilan bogʻliq murojaatlarini oʻrgandi. Ushbu murojaatlar asosan ichki ishlar organlari xizmatiga qabul qilish, xizmatga qayta tiklash, shuningdek, ichki ishlar organlari ish yurituvida boʻlgan hujjatlarni qonuniy hal etishga oid masalalardan iborat boʻldi.

 – Tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish niyatida sayyor qabulda ishtirok etdim, – deydi hazorasplik J.Otajonov. – Murojaatim eʼtibor bilan tinglandi va 3-sektor hisobidan suv chiqarish nasosi yordam tariqasida topshirildi. Bundan juda mamnun boʻldim. 

Qabul jarayonida har bir murojaatning tegishli tartibda oʻrganib chiqilishi va qonuniy qaror qabul qilinishi qatʼiy nazoratga olindi.

Oʻz muxbirimiz.