Zomin tumanining Dashtobod shahrida Jizzax viloyati IIB boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov sayyor qabul oʻtkazdi. Tadbir doirasida hududdagi taʼlim muassasalari oʻquvchilari ishtirokida yoshlar festivali ham uyushtirildi. Chunonchi, rassomlar bellashuvi, shaxmat-shashka va stol tennisi boʻyicha musobaqalar, kitob yarmarkasi, sanoat mahsulotlari va xalq amaliy sanʼati namunalari koʻrgazmasi tashkil qilindi.

Tadbirda yoshlarning 6 nafariga oliy taʼlim muassasalari kontrakt toʻlovi, 5 nafariga safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmat qilish toʻlovi toʻlanishiga oid sertifikatlar berildi. Ikki nafar yigitga esa subsidiya asosida noutbuk sovgʻa qilindi.

Xuddi shunday, 2 nafar fuqaroligi boʻlmagan hamda 5 nafar voyaga yetgan shaxsga ID-kartalar tantanali ravishda topshirildi. 5 muhim tashabbus doirasida faol yoshlar sektor rahbaridan faxriy yorliqlar olishdi.

Sayyor qabul davomida Zomin tumanining Gʻallakor, Chilonzor, Nurafshon, Oʻzbekiston, Baxt, Beruniy, Bunyodkor mahallalari aholisi bilan muloqot oʻtkazildi. Mazkur jarayonda bildirilgan muammolarni hal etish boʻyicha masʼullarga topshiriqlar berilib, ijro muddatlari belgilandi.

Shu kuni 3-sektor rahbari 100 ish oʻrniga ega, bir sutkada 400 tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega “Dal teknik Zomin sement” xorijiy korxonasi hamda alyuminiy profilli eshik va deraza romlari, bruschatka, shlakoblok, temir-beton mahsulotlar va mebelʼ tayyorlashga ixtisoslashgan masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi. Bu jarayonda ishbilarmonlar tomonidan bildirilgan muammolarga yechim topish boʻyicha zaruriy chora-tadbirlar belgilab olindi.

Alijon ABDUSATTOROV,

“Rostda” muxbiri.

Jizzax viloyati.