Joriy yilning 27-29 fevral kunlari Buxoro shahrida “Ayollari eʼzozlangan yurt” shiori ostida ichki ishlar organlari xotin-qizlari 3-respublika forumi boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tashabbusi bilan oʻtkazilgan mazkur forumda vazirlik tasarrufidagi boʻlinmalar, harbiy tuzilmalar, Toshkent shahri hamda barcha viloyat ichki ishlar organlarining eng faol yoshlaridan tashkil topgan 19 ta jamoa ishtirok etdi.

Forum ishtirokchilari “Zakovat”, “Eng yaxshi kitobxon xodima” hamda “Fidoyi ayol” nominatsiyalari boʻyicha oʻz bilim va mahoratlarini sinovdan oʻtkazishdi. “Eng yaxshi kitobxon xodima” nominatsiyasida Urganch shahar IIOFMB 1-son IIB surishtiruv guruhi surishtiruvchisi, leytenant Sayyora Yuldasheva faxrli birinchi oʻrinni egalladi.

– Ushbu forum yuqori saviyada tashkil etildi, – deydi leytenant Sayyora Yuldasheva. – Bunda ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan eng zukko, bilimli va iqtidorli shahodatlangan xodimalar ishtirok etishdi. Hakamlar hayʼatining yakuniy xulosasiga koʻra men ham gʻoliblik shohsupasidan joy oldim. Bu eʼtirof meni yanada gʻayrat-shijoat bilan xizmat qilishga undaydi.

 “Ayollari eʼzozlangan yurt” shiori ostida oʻtkazilgan ushbu forum ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirdi. Forumning eng faol, bilimli, iqtidorli, mahoratli ishtirokchilari gʻolib va sovrindor boʻldi va tadbir tashkilotchilari tomonidan taqdirlandi.

Xudoybergan JABBOROV,

oʻz muxbirimiz.

Xorazm viloyati.