Inson oʻz hayotida bilib bilmay xatoga yoʻl qoʻyishi mumkin. Agar u qingʻir bosgan qadamini tan olib, astoydil pushaymon boʻlsa, kechirimlidir. Prezidentimiz farmoniga muvofiq sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini oʻtayotgan hamda qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir qator fuqarolar jazodan ozod etilgan boʻlib, ular orasida toʻrt nafar buxorolik ham bor.
Viloyat hokimligi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari afv etilgan fuqarolar bilan uchrashdi. Suhbat asnosida masʼullar ularning ijtimoiy-tibbiy reablitasiyasi, sogʻlom turmush tarziga qaytarish masalalari boʻyicha viloyat huquqni muhofaza qilish idoralari, sogʻliqni saqlash, bandlik boshqarmalari va boshqa mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, mahalliy hokimliklar bilan birgalikda amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlarni belgilab olishdi.
Yuzma-yuz muloqot jarayonida ulardan uch nafarining imtiyozli kredit mablagʻlarini olishda yordamlashish, bir nafarining oliy taʼlim muassasasida shartnoma asosida taʼlim olayotgan farzandining toʻlov shartnomasini toʻlashda koʻmaklashish borasidagi murojaatlari qabul qilinib, ular yuzasidan masʼullarga tegishli koʻrsatma va topshiriqlar berildi. Shuningdek, ijrosi alohida nazoratga olindi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati.
