Kun qahramoni

Navbatchilik qismining telefoni bir daqiqa ham tinmaydi. 

— Allo, navbatchi eshitadi!

Shundan soʻng fuqaroning huquqbuzarlikka oid murojaati tinglanadi. Murojaat turiga qarab u tegishli xizmatga yoʻnaltiriladi va ijrosi nazoratga olinadi. Katta leytenant Baxtiyor Malikovning ish kuni ana shunday qoʻngʻiroqlar, tasrif buyuruvcilar bilan oʻtadi. 

2010 yilda Jizzax politexnika institutini tugatib, xizmat faoliyatini Sirdaryo viloyati IIB Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi patrul-post xizmati batalʼoni 1-otryad militsioneri lavozimida boshlagan. Hozirgi kunda Sardoba tumani IIB tashkiliy boʻlinma, navbatchilik qismi katta inspektor-navbatchisi lavozimida xizmat qilib kelmoqda. 

Baxtiyor davlatimiz tomonidan olib borilayotgan tashqi va ichki siyosatni chuqur tushunadigan, bilimdon xodim. Shu sababli tuman hududida el yurt osoyishtaligi va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlashga oid yuklatilgan xizmat vazifalarini sidqidildan bajarib kelmoqda. U tirishqoqligi, mehnatsevarligi bilan ajralib turadi.

Xizmatda uchraydigan qiyinchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etib, uning echimini topishga harakat qiladi, shaxsiy tarkib orasida xurmatga ega.  

Fuqarolarning murojaatini oʻz vaqtida ijrosini taʼminlash borasidagi faoliyati ham maqtovga loyiq. Oʻtgan yili tuman IIBga kelib tushgan oʻttizdan ortiq murojaatni yechishda jonbozlik koʻrsatdi. 2021 yilda 426 ta jinoyat va boshqa xabarlarni yagona hisobga olish bazasiga kiritib, tegishli ravishda ijroga qaratilishini taʼminlagan. 

Shu bilan birga, tuman tashkiliy boʻlinmasi boʻyicha vazirlik va boshqarma tomonidan yuborilayotgan reja-topshiriqlar ijrosini oʻz vaqtida taʼminlanishini nazorat qilib, tuman hududida oʻtkazilayotgan turli sanalar bilan bogʻliq tadbirlarning tinch va osoyishta oʻtkazilishiga hissa qoʻshib kelmoqda. 

Katta leytenant Baxtiyor Malikov hamkasblari va fuqarolar bilan xushmuomala, kamtarin, jamoat ishlarida faol. Oʻzining tirishqoqligi va mehnatsevarligi, xizmat vazifasiga masʼuliyat bilan yondoshishi bois, hamkasblari hamda rahbarlari orasida hurmat-eʼtiborga sazovor.

  Abdurahmon MUSTAFOQULOV,

 «Postda» muxbiri.

Sirdayo viloyati.