Jismoniy va yuridik shaxslarning ogʻzaki va yozma murojaatlarini oʻz vaqtida, sifatli koʻrib chiqish IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish Bosh boshqarmasi oldida turgan muhim vazifalardan biridir.
M va FRBB boshligʻining oʻrinbosari, podpolkovnik A.Mehmonov boshchiligida Guliston shahar “Xalq qabulxonasi” binosida Sirdaryo viloyati aholisi uchun Migratsiya sohasidagi masalalar, xususan, fuqarolikni olish, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga doimiy yashash uchun ruxsatnoma olish, chet elga chiqish uchun biometrik pasport berish, chet el fuqarolarining boʻlish muddatini uzaytirish va boshqa masalalar boʻyicha qabul boʻlib oʻtdi.
Jamoatchilik qabulida koʻpgina muammolar joyida hal qilindi. Bir qator murojaatlar boʻyicha tegishli huquqiy maslahatlar berildi. Qabul yakuniga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini qabul qilgan toʻrt nafar fuqaroga hamda uch nafar 16 yoshga toʻlgan shaxsga ID-kartalar taqdim etildi.
Shundan soʻng, Guliston shahridagi “Bolalar shaharchasi”ga tashrif buyurildi va 16 yoshga toʻlgan besh nafar tarbiyalanuvchiga ID-karta va sovgʻalar topshirildi.
Abdurahmon Mustafoqulov,
“Postda” muxbiri.
