Onaning dil izhori

Ushbu suratga tushganimizga ham 8 yil boʻlibdi. Oʻgʻlim Odiljon Soliyev hozirgi kunda IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash qoʻshinlariga qarashli 7254-harbiy qism maxsus vazifalarni bajaruvchi safarbar vzvodi harbiy xizmatchisi lavozimida xizmat qilyapti, unvoni kichik serjant.

Oʻtgan yillar davomida oʻgʻlim koʻplab yutuqlarga erishdi. Oila qurdi, sportning «Kombat aykido» turi boʻyicha Namangan viloyati birinchiligida 1-oʻrin, Osiyo chempionatida esa 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Intensiv sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtgani uchun «Dovyurak jangchi» farqlovchi nishoniga sazovor boʻldi, shuningdek, «Alvon beret» sohibiga aylandi. Bundan tashqari, IIV miqyosida oʻtkazilgan jamoaviy oʻq otish musobaqalarida ham faol qatnashib, faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi. Men uchun yana bir quvonarlisi, u hozir Namangan shahridagi oliy oʻquv yurtida axborot texnologiyalari yoʻnalishi boʻyicha tahsil olyapti.

Umrni oqar daryoga qiyoslashganda koʻpincha bu oʻxshatish qay darajada toʻgʻri ekani haqida oʻylaymiz. Kechagina atak-chechak qilib qilib yurishni boshlagan pola­ponimning bugunga kelib Vatan himoyachisi degan sharafli nomga sazovor boʻlishi qalbimga qanchalik gʻurur baxsh etishini soʻzda ifodalashim qiyin.

Koʻcha-koʻyda bolalarning shodlikdan qiyqirib yurganini koʻrib, tinchlikning naqadar aziz neʼmat ekanini yana bir karra xayolimdan oʻtkazaman. Dunyoning koʻplab davlatlarida ulgʻayayotgan oʻsmirlar bolalikning nima ekanini hatto anglamay katta boʻlayotgani bizni hushyorlikka, tinchlikning qadriga yetishimizga undashi zarur.

Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tinchlik-osoyishtalikni asrash yoʻlida xizmat qilayotgan jasur oʻgʻlonlarimizni, barchinsifat qizlarimizni onalik mehrim bilan tabriklayman. Ular bilsinki, dastur­xon boshida tinchlik uchun qilingan duolarda ularning nomlari ham jaranglaydi...

Ona sifatida yurtimiz sarhadlarini himoya qilish, xalqimiz tinchlik-oso­yishtaligini asrash yoʻlida fidoyilik bilan xizmat qilayotgan dovyurak farzandlarimizning ertangi kuni bugunidan ham farovon, hayotlari buloq suvidek pokiza boʻlishiga ishonaman.

Bayramingiz muborak boʻlsin, aziz farzandlarim, Vatanimiz posbonlari!

Ihtibarxon TOPILDIYEVA.

Namangan viloyati.