“Toʻmaris izdoshlari” koʻrik tanlovining IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash qoʻshinlari tarkibidagi ayol harbiy xizmatchilar oʻrtasida boʻlib oʻtgan musobaqa toʻrt kun davom etdi. Mazkur musobaqada harbiy xizmatchilar suzish, yugurish va qurolni toʻliqsiz qismlarga ajratish va yigʻish boʻyicha bahs olib borishdi. Qizgʻin va murosasiz bahslarga boy boʻlgan musobaqada Toʻmaris izdoshlari oʻzlarining qanchalik jismoniy va jangovar tayyorgarlikka ega ekanliklarini amalda namoyish etishdi.
Tanlov yakuniga koʻra, suzish musobaqasida birinchi oʻrinni 7251-harbiy qism vakili, kichik serjant Anastasiya Zuyeva egallagan boʻlsa, keyingi oʻrinlarni 7256-harbiy qismdan kichik serjant Dinora Hakimova va 7251-harbiy qismdan kichik serjant Sevara Mirzayeva band etishdi.
Yugurish musobaqasida 7254-harbiy qismdan ishtirok etgan oddiy askar Nargiza Mahmudovaga teng keladigan topilmadi. Bu yoʻnalishda ikkinchi oʻrinni 7258-harbiy qismdan oddiy askar Dilshoda Saidova, uchinchi oʻrinni 7255-harbiy qismdan kichik serjant Zulfiya Boʻronova egalladi.
7261-harbiy qismdan oddiy askar Juldiz Aychuvakova qurolni toʻliqsiz qismlarga ajratish va yigʻish musobaqasida yakka peshqadam boʻlib, birinchi oʻrinni egalladi. Keyingi oʻrinlar 7252-harbiy qismdan oddiy askar Feruza Tursunova va 7255-harbiy qism vakili, kichik serjant Shoxsanam Nuraliyevaga nasib etdi.
Endilikda gʻoliblar “Toʻmaris izdoshlari” koʻrik tanlovining respublika bosqichida ishtirok etishadi.
Oʻz muxbirimiz.
