Joriy yilning 21 aprelʼ kuni Nukus shahrida Ichki ishlar vazirligi akademik liseylari oʻrtasida “Jaloliddin Manguberdi avlodlari” spartakiadasiga start berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi IIV tomonidan birinchi marta oʻtkazilayotgan mazkur musobaqaning ochilish marosimida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, polkovnik A. Temirxanov, Joʻqorgʻi Kengesi qoʻmita raisi Z. Reymova, Oʻzbekiston Respublikasi IIV boshqarma boshligʻining oʻrinbosari, polkovnik S. Abduqodirov, Oʻzbekiston Respublikasi yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarma boshligʻi, senator A. Daniyarovlar soʻzga chiqib, mamlakatimiz tinchlik-osoyishtaligini taʼminlash yoʻlida fidoyilik va jasorat koʻrsatgan ajdodlarimizni yoshlar orasida keng targʻib qilish orqali, ularni ona vatanga sodiqlik va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli tadbirlar haqida toʻxtalib oʻtishdi. 

Shuningdek, mazkur musobaqani oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad ham Jaloliddin Manguberdi kabi ajdodlarimizning mardlik va jasorat timsollarini kelajagimiz egalariga namuna qilib koʻrsatish orqali ularni ham ona Vatanimiz osoyishligini koʻz qorachigʻidek asraydigan insonlar qilib tarbiyalashdan iborat ekanligini taʼkidlashdi.

Shundan soʻng, IIV Qoraqalpoq akademik liseyi oʻquvchilarining koʻrgazmali chiqishlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi IIV «Ashula va raqs ansambli» va boshqa sanʼatkorlarning chiqishlari namoyish etildi.

 Uch kun mobaynida boʻlib oʻtadigan ushbu musobaqada ishtirokchilar sportning koʻp kurash, yengil atletika va mini futbol turlari boʻyicha oʻzaro bellashadilar.

Azamat PIRNIYaZOV,

«Postda» muxbiri.