Tadqiqot
Hozirgi kunda jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotning oʻzgaruvchanligi, tabiiy ofatlar va ekologik muammolarning koʻpayishi natijasida ertangi kunda yuzaga kelishi ehtimoli, hayotdagi ekstrimal sharoitlarga psixologik tayyorgarlikning yoʻqligi dolzarb muammo hisoblanadi. Qolaversa, insoniyat taqdiri bugungi kunda koʻp jihatdan ekologik muammolar yechimiga bogʻliq boʻlib qolganligi, ularni toʻgʻri hal etishda asosiy omillardan biri sifatida ekologik ongning shakllanishi hamda uning oʻziga xos psixologik xususiyatlarini hisobga olish zarurligi kundan-kunga yaqqol namoyon boʻlmoqda. Shubhasiz, insoniyat sivilizatsiyasi va yer biosferasi boshi berk koʻchaga kelib qoldi. Bu holat barcha olimlar, siyosatchilar, umuman, jamiyatimizga maʼlum boʻlgan ekologik shov-shuvni keltirib chiqardi va yer yuzi aholisini bu masalada bosh qotirishga majbur qildi. Nihoyat, insoniyat sayyoraviy muammoni oʻzi keltirib chiqarganligini va fojiali holatga sababchi boʻlganini tushunib yetdi.
Katta hudud miqyosidagi ikkinchi yirik halokat - Orol dengizining yildan-yilga qurib borishi butun Orolboʻyi iqlimining oʻzgarishiga sabab boʻlmoqda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi yerlarining jadal shoʻrlanib barayotganligi, chang-toʻzonli choʻl havosi taʼsiri ostida aholi oʻta fojiali holatga tushib qolganligi, va turli ekologik noxush hodisalar yuzaga kelayotganligi hozirda keng jamoatchilikka maʼlum
Kuzatilgan maʼlumotlarda XX asrning 30-yillarida Orol dengiziga daryolarning 70 foiz suvi kelib quyilgan, 50-60 yillarda 50 foiz, 70-yillarda 30 foiz, 80-yillarning birinchi yarmida esa 10 foizgina suv dengizga quyilgan. Orolboʻyi regioni maydoni 473 ming kv.m boʻlib, bu yerda 4 mln ga yaqin kishi istiqomat qiladi. Aholi hozirda suv tarkibining ifloslanishiga va suv tanqisligiga giriftor boʻlgan. 1925 yildan boshlab Amudaryo suv tarkibi minerallasha boshlagan, yaʼni uning tarkibida inson salomatligi uchun zararli mikroelementlar paydo boʻlgan. Natijada ekologik muvozanatning buzilishi tabiatni, aholini nihoyatda achinarli ahvolga olib kelib qoʻydi. Mutaxassislarning bergan maʼlumotlariga qaraganda, bu yerda har yili atmosferaga 75 mln. tonna chang, 4 mln. tonnaga yaqin zararli moddalar qoʻshilmoqda. Shularning yarmi uglerod oksidiga toʻgʻri keladi, 15% uglevodorod chiqindilari, 14% oltingugurt qoʻsh oksidi, 9% azot oksidi, 8% qattiq moddalar hisoblanadi va 4% ga yaqini oʻziga xos oʻtkir zaharli moddalarga toʻgʻri keladi.
Bugungi kunda dengiz havzasida qariyb 35 million kishi uning taʼsirida qoldi. Oʻzbekistonda ekologik vaziyatning keskinlashuvi oqibatida aholining kasallanish koʻrsatkichlari oʻsib borishi kuzatilmoqda. N. Bisaliyev Qoraqalpogʻistonda tugʻilayotgan har bir bolaga nafaqat jismoniy solomatligiga eʼtibor berish, balki ularning nerv-psixik holatlariga ham ijtimoiy va tibbiy reabilitatsiyasini oshirish kerak, deb taʼkidlaydi
Yuqorida qayd etilgan qator ekologik muammolar ahvolning naqadar jiddiy ekanligidan dalolat beradi. Yer sharining koʻpchilik hududlarida sodir boʻlayotgan ekologik muammolarning oldini olish maqsadida bir qancha xalqaro konvensiya va dasturlar tuzildi. Bu muammoni hal qilishda YUNESKO tomonidan tuzilgan “Inson va biosfera” nomli dastur diqqatga sazovordir. Bu dastur atrof-muhitni yaxshilashga ahamiyat qaratishi bilan birga, bugungi kunning oʻzida atrof-muhitni muhofaza qilish ilmiy asoslarini yaratish boʻyicha bir qancha tadqiqotlarni amalga oshirib kelmoqda.
Inson zoti yuz yillardan beri atmosferaga va tabiatga bergan zararlarining badalini toʻlamoqda. Bugungi kunda ekologik halokatga duch kelishimiz faqatgina fan-texnikaning rivojlanishi va ekologik savodsizlik deb qaramaslik kerak, balki bu bizning psixikamizda yashiringan muammolarning oqibatidir. Shunga koʻra hozirgi davrda psixologiya ilmining tarmogʻi sifatida ekologik psixologiya yuzaga kelib, “ekologik shaxs”, “ekologik psixoakustika”, “ekologik ong” “atrof-muhit psixologiyasi”, “psixologik ekologiya” va boshqa yoʻnalishlarga boʻlinib oʻrganilmoqda. Inson qayerda yashab va faoliyat koʻrsatishdan qatʼiy nazar ekologik muvozanat iyerarxiyasini ham shakllantirib boradi. Bu iyerarxiya ekologik ongning har xil xislatlari shakllanishi va ularning tipologiyasini ajratib olish imkonini beradi. Bunda ekologik xulq-atvor xususiyatlari, tirishqoqligi, qatʼiyatliligi, harakatchanligi, tashabbuskorligi, ishonchlilik imkoniyatini va faol harakatning natijasi yoki boʻlmasa qarama-qarshilik, turli xil ziddiyatlar aks ettiriladi. Ular hissiyot, motiv, qiziqish, aql bilan faoliyatda boshqariladi. Shu bilan birga ekologik ongning shakllanishida tafakkur va uning faoliyat jarayoni ham muhim ahamiyatga ega.
Yuqoridagilardan shuni xulosa qilish mumkinki, ekologik salbiy omillar inson psixofiziologik mexanizmiga taʼsir etishi tabiiy, psixik faoliyatining buzilishiga, xulq-atvorining buzilishiga olib kelishi haqida psixolog olimlar oʻz tadqiqotida keltirib oʻtadi. Inson oʻz faoliyati tufayli kimyoviy, elektromagnitli radiatsiyaga toʻyingan chiqindilar muhitida istiqomat qilishi esa achinarli holat. Inson sharoitining oʻzgaruvchanligi inson kayfiyatiga salbiy taʼsir qiladi, ruhiy asab tarangligi stressni keltirib chiqaradi. Bunda psixik jarayon buzilishining har xil darajalarini, hattoki, immunitetning pasayishini koʻrishimiz mumkin. Keyingi yillarda inson organizmidagi immunitet koʻrsatkichi tadqiqotchilarimiz diqqatini tortmoqda. Bunday ogʻir vaziyatlarni yaqinda sodir boʻlgan pandemiya davrida ham kuzatganmiz. Albatta, psixolog olimlar har qanday ogʻir ekologik hodisalarga duch kelishiga ilmiy yondashuvlarni tadbiq qilishlarini tavsiya qiladi. Ekologik muammo, nafaqat, inson psixologiyasi va sogʻligiga taʼsir etib qolmasdan, bugungi kunda jamiyat va uning taʼlim tizimi oldida turgan qator muammolardan biri hisoblanadi.
Anjim Shamshetova,
psixologiya fanlari nomzodi,
dotsent.
