Viloyat IIB boshligʻi, polkovnik Sh.Aliyev barcha sohaviy xizmat rahbarlari, shahar va tuman ichki ishlar organlari boshliqlari hamda tegishli xizmat soha masʼullari ishtirokida “ZOOM” platformasi orqali muhokama yigʻilishi oʻtkazdi. Yigʻilish avvalida boshqarma boshligʻi Ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan yangidan tashkil etilgan 3 ta shtat birligidan iborat “sektorlar faoliyatini muvofiqlashtirish boʻlinmasi”, uning faoliyati, xizmat vazifalari va ushbu shtat birliklariga tayinlangan xodimlarni tanishtirib, ularning kelgusidagi vazifalari belgilab olindi.

Tadbirda asosan shahar va tumanlarning ichki ishlar organlari boshliqlari rahbarligidagi 3-sektordagi barcha koʻrsatkichlar, jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlari yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar natijalari, mahallalarni obodonlashtirish borasidagi berilgan topshiriqlar ijrosi muhokama qilindi. Mazkur yoʻnalishlarda tizimli kamchiliklarga yoʻl qoʻyib kelayotgan Buxoro va Kogon shahar, Shofirkon, Qorakoʻl, Peshku, Romitan va Olot tuman ichki ishlar organlari rahbarlari qattiq ogohlantirildi va ish samaradorligini oshirish hamda natijadorlikka erishish boʻyicha manzilli topshiriqlar berildi.

Shundan soʻng boshqarma boshligʻi joriy yilning mart oyi 10 kunligida viloyatda sodir etilgan huquqbuzarlik va jinoyatchilik ahvoli, “Jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha zarbdor oylik” hamda “Tozalash-Antiterror” maxsus tezkor profilaktik tadbirining 20 kunida amalga oshirilgan ishlar va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni birma-bir tahlil qildi. Jinoyatlar keskin oshgan Buxoro shahar, Gʻijduvon, Kogon, Vobkent va Buxoro tumanlari ichki ishlar organlari masʼullarini qattiq ogohlantirdi.

Jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha “qizil” va “sariq” toifaga kiritilgan, kriminogen vaziyati ogʻir mahallalarda “Mahallabay” tizim asosida ishlarni tashkil qilib, hamkorlikdagi chora-tadbirlarni kuchaytirish hamda jinoyatchilikni keskin jilovlash borasida topshiriqlar berildi. Qolaversa, masʼul rahbarlar va mahallalarga biriktirilgan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillarining kunlik ish natijalarini monitoring qilish, tahlil asosida biriktirilgan kuch va vositalar dislokatsiyasini kunlik qarorlar asosida oʻzgartirib, ish samaradorligini oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Tahliliy va tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda har bir masala yuzasidan aniq hamda manzilli koʻrsatma va topshiriqlar berilib, ijrosi alohida nazoratga olindi.

Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati.