Yaqinda Navoiy viloyati IIB boshligʻi, polkovnik A. Tasbaev, viloyat prokurori B. Axmedov, IIV huzuridagi JIEDning Beshinchi mintaqaviy muvofiqlashtirish markazi boshligʻi, podpolkovnik I. Sherov, Milliy gvardiyaning Navoiy viloyati boshqarmasi boshligʻi, polkovnik A. Usmonov, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va IIV Qorovul qoʻshinlari 7532-harbiy qismi rahbariyati 11-son jazoni ijro etish koloniyasida boʻlishdi. 

Ular mazkur muassasani qoʻriqlash va unda xavfsizlikni taʼminlash, shuningdek mahkumlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, moddiy-maishiy taʼminoti va ularga tibbiy xizmat koʻrsatilishi bilan tanishishdi. Shuningdek, mahkumlar bilan olib borilayotgan tarbiyaviy-profilaktik tadbirlar, muassasada ularni kasbga oʻrgatish, ish bilan taʼminlash masalalari, istiqboldagi rejalar bilan qiziqishdi.

Maʼlumot oʻrnida shuni qayd qilish kerakki, joriy yilning 18 fevralʼ kuni koloniyaning ishlab chiqarish faoliyati yanada kengaydi. Aniqrogʻi, “EDEM TEXTILE” masʼuliyati cheklangan jamiyat bilan hamkorlikda muassasaning tergov hibsxonasi va turma tariqasida jazo muddatini oʻrtayotgan mahkumlar uchastkasi hududida gazlama toʻquv sexi tashkil etildi. Natijada yana 20 nafar mahkumning bandligi taʼminlandi. Ayni paytda bu yerda turli matolar ishlab chiqarilmoqda.

Tashrif buyurganlar muassasada kelgusida qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratish hamda bozor talablariga mos, raqobatbardosh mahsulotlar tayyorlash, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish yuzasidan taklif va tavsiyalar berishdi. Ular «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida tergov hibsxonasi va turma uchastkasi hududida mevali va manzarali koʻchatlar oʻtqazishdi. 

Anvar ASADOV,

11-JIEK boshligʻining

oʻrinbosari, podpolkovnik.