Hikmatlarning birida “Nafsning davosi – ochkoʻzlikni tark qilishdir, harislikka yoʻl qoʻymaslikdir” deyilgan. Lekin shuni bilaturib, ayrimlar oʻz nafsiga erk berib yuboradiki, alaloqibat qilayotgan ishim jinoyat emas, “qoʻl haqi” deb tushunadigan boʻlishadi. Bir tanishim oʻgʻlini operatsiya qildirdi. Jarroh shifokordan “xizmat haqi”ni soʻrabdi. U hech narsa kerak emas, desa, hamshiralardan biri “shifokorni rozi qiling” deganmish. Shunda u oʻgʻlimga yaxshi qarashadi, deb shifokorning choʻntagiga pul qistiribdi. Qancha berdingiz, deb soʻrasam, “arzimas pul” deya kifoyalandi. Yaqinda onam xususiy shifoxonalardan birida davolanib chiqdi. Ukam onamni shifoxonadan olib chiqayotganda hamshiralar bir nimadan umidvor boʻlib, palataga qatorlashib kirishibdi. Ammo ukam ularning maqsadini bilmagan: xayru xoʻsh bilan chegaralangan, xolos. Shuni onam menga aytib, kulib qoʻydi.
Xoʻsh, nega bu misollarni keltirib, aynan shifokor mavzusiga urugʻi beryapman. Chunki galdagi “qahramonimiz” ham oq xalatli farishtalardan biri. Ammo uning tamagirligi...
Lobar xola (ismlar oʻzgartirildi)ning kelini tugʻishga qiynaldi. Shifokorlar jarrohlik yoʻli bilan chaqaloqni dunyoga keltirishdi, baraka topishsin, ilohim. Ammo ketidan gʻavgʻosi chiqib qoldi.
– Yangajon, nabirangiz ham, keliningiz ham sogʻ-salomat. Endi bizni bir suyuntirmasangiz boʻlmaydi, – dedi shahar tugʻruq kompleksining jarrohlik boʻlimi mudiri V.Orzigul ayyorona jilmayib.
Xola darrov bir siqim pulni shifokor choʻntagiga tiqdi. Pulning “choʻgʻi” pastligi bois shifokor aftini burishtirib:
– 500 ming soʻm berasiz, – dedi.
– Singlim, muncha pulim yoʻq. Oʻgʻlim ishlashga ketgan. Hali-veri pul uzata olmaydi. Shunga rozi boʻling, chin koʻngildan berdim, – dedi Lobar xola qizarib.
Harqalay, shifokor kelishadigan boʻldi.
– Mayli, pulingizni sanamadim. Yana 450 ming soʻm berasiz,– dedi masalaga uzil-kesil nuqta qoʻyib.
Lobar xola oʻylay-oʻylay oxiri huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishdan oʻzga chorasi yoʻqligini angladi. Shunday qilmasa, ertaga kelinini shifoxonadan chiqarishga qiynalishi aniq edi. Yoki...
Shunday qilib, Lobar xolaning arizasiga asosan, tezkor tadbir oʻtkazildi. Tadbirda tamagir mudir Lobar xoladan kelishilgan 450 ming soʻm pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan jinoyat ustida ushlandi. Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tegishli tartibda jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mirzoqul AHADOV,
“Postda” muxbiri.
Buxoro viloyati.
