Yoshlar – kelajak bunyodkori

Olis Qoʻngʻirotning chekka ovulida dunyoga kelgan Inobat kelajakda huquq-tartibot posboni boʻlishni orzu qilardi. Shuning uchun adabiyot, tarix, ingliz tili fanlarini chuqur oʻrgandi. Oʻzi taʼlim olayotgan Nukus yuridik kollejida huquqshunoslik fani boʻyicha oʻtkazilgan bilimlar bellashuvining faol ishtirokchilaridan biri boʻlgan, «Yuksak maʼnaviyatli avlod» koʻrik-tanlovining tuman bosqichida uch yil peshqadamlikni qoʻldan bermagan Inobat Bazarbayevaga barcha tengdoshlari havas qilardi. 

2019 yil kollejni aʼlo baholar bilan tamomlagan Inobat Akademiyaga kirish imtihonlarini topshirish uchun poytaxtga otlandi. Biroq biroz omadi chopmay, yana Qoʻngʻirotga qaytishga majbur boʻldi. 

Inobat maqsadi yoʻlida sobit qadam qatʼiyati aniq, shijoati baland qiz. Bu xislatlari oradan bir yil oʻtib, imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtishida muhim omil boʻldi.

 – Kursantlar safiga qabul qilinganimdan quvonchim ichimga sigʻmasdi. Axir, shunday dargohda bilim olishga havasmand yoshlar nihoyatda koʻp edi-da, – deydi u hayajonli damlarni yodga olib.

 Inobat Bazarbayeva hozir Akademiyaning 2-bosqichida, «Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati» yoʻnalishida taʼlim olmoqda. Ustozlaridan olgan nazariy bilimlarini amaliy mashgʻulotlarda mustahkamlab kelayapti. Yetuk malakali profilaktika inspektori boʻlishni maqsad qilgan umidli kursantimiz mashgʻulotlardan boʻsh vaqtida turli koʻrik-tanlov va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda faol ishtirok etadi. Kitob oʻqish uning jonu dili. Qoʻliga bir kalava ip tutqazsangiz bormi, bir zumda hunarini ishga solib, ajo­yib mato toʻqib beradi. Inobatning yana bir yutugʻi oʻzbek, rus, qozoq va ingliz tillarida ravon soʻzlasha olishidir. 

Mamlakatimiz yoshlari uchun yaratilayotgan ulkan imkoniyatlar Inobatni yangi marralar sari ruhlantirmoqda. U joriy yilda oliy harbiy taʼlim muassasalari oʻrtasida oʻtkazilgan «Mardlar bellashuvi» koʻrik-tanlovida «Eng iqtidorli kursant» nominatsiyasida gʻolib boʻldi. Yaqinda Akademiya kursant qizlari ishtirok etgan kitobxonlik tanlovida ham peshqadamlik qildi. Quvonarlisi, u 2020 yilda Ichki ishlar vaziri stipendiati boʻldi. 

– Zamonaviy shart-sharoitlarga ega maskanda taʼlim olyapmiz. Sohamizning professional mutaxassisi boʻlish uchun bu imkoniyatlardan toʻligʻicha foydalanishimiz kerak. Muhimi, bilim olish yoʻlidagi mehnat hech qachon zoye ketmaydi, – deydi qahramonimiz. 

Hozir u xalqaro huquq fani boʻyi­cha Respublika fan olimpiadasiga astoydil hozirlik koʻrayapti. Maqsadlari bir olam kursantimiz uchun ona Vatanimiz oldidagi farzandlik burchini ado etishdan-da, azizroq tuygʻu yoʻq. 

Jamshid XOLOV,

katta leytenant.