Andijon viloyati IIB xodimlari uchun navbatdagi “Maʼnaviyat va maʼrifat” darsida “Taqdir” nomli lirik drama asari asosida sahnalashtirilgan spektakl namoyish etildi.

Ichki ishlar organlari xodimlarining maʼnaviy tafakkurini yuksaltirish, tariximiz, milliy qadriyatlarimizga hurmat hamda ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda teatrning ahamiyati katta hisoblanadi.

Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi xodimlari uchun navbatdagi “Maʼnaviyat va maʼrifat” darsi har qachongidan noanʼanaviy tarzda boʻlib oʻtdi.

Boisi viloyat IIB apparati shaxsiy tarkibi hamda tuman va shaharlarning bir guruh xodimlari, IIV Qorovul qoʻshinlari harbiy xizmatchilari Andijon viloyati musiqali drama teatriga taklif qilindi.

Maʼnaviyat maskanida boʻlib oʻtgan tadbir Oʻzbekiston Respublikasi davlat madhiyasini ijro etishdan boshlandi. Shuningdek, teatr jamoasi, xodimlari dramaturg Nurillo Abbosxonning “Taqdir” nomli lirik drama asari asosida sahnalashtirilgan spektaklni namoyish etdilar.

Teatr har qanday davrda, doim ham hayotiy saboqlar beruvchi jonli vosita hisoblangan. Shu boisdan inson maʼnaviyatini yuksaltirishda teatrning alohida oʻrni bor. Andijon viloyati musiqali drama teatrining ijodiy jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan spektakl ichki ishlar organlari xodimlarida katta taassurot qoldirdi.

Namoyish etilgan spektakl xodimlarning maʼnaviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, estetik tarbiyasini kuchaytirish, ularning madaniyat va sanʼatning turli sohalariga boʻlgan qiziqishlarini yana-da oshirishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatli boʻldi.

B. Kleyman