Ichki ishlar vazirligi Samarqand akademik liseyida taʼlim olishni niyat qilgan maktab bitiruvchilari uchun test sinovlarini ochiq maydonlarda tashkil etildi. Sinovlarda 948 nafar yigit-qizlar ishtirok etdi. Ular orasidan natijalarida oʻzining zukko va bilimdonligini koʻrsatgan 200 nafar oʻquvchi tanlab olinadi. Shuningdek, ularning 44 nafari rus tili yoʻnalishidagi guruhlarda taʼlim olishi rejalashtirilmoqda.
Joriy yilda ushbu nufuzli taʼlim muassasasida tahsil olish istagini bildirganlar soni oʻtgan yilgi koʻrsatkichdan (1150) otib, umumiy 1447 nafarni tashkil qildi. Hujjat topshirgan oʻquvchi-yoshlarning hammasiga ham oraliq bosqichlardan muvaffaqiyatli oʻtish nasib etmadi. Birinchi bosqichda nomzodlar suhbatdan, psixologik test va tibbiy komissiya tekshiruvidan oʻtishdi. Ikkinchi bosqichda insho yozish va sport boʻyicha belgilangan meʼyorlarni topshirishga toʻgʻri keldi. Uchinchi, yakunlovchi bosqich – test sinovi. Bu bosqichda nomzodlar ona tili, tarix va chet tilidan savollarga javob berishdi.
Taʼkidlab oʻtish joizki, oʻqishga xalqaro turnirlar, fanlar boʻyicha olimpiadalar, koʻrik-tanlovlar gʻoliblari hamda xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning farzandlari imtiyozli tarzda qabul qilindi.
IIV akademik liseyiga oʻqishga qabul qilinganlar chuqurlashtirilgan harbiy taʼlim oladi. Ularning intellektual va jismoniy rivojlanishi taʼminlanadi.
Yaqin kunlarda 200 oʻrinli yotoqxonaning ochilishi oʻquvchilar uchun yangi oʻquv yiliga munosib sovgʻa boʻldi. Yoz oylarida toʻliq taʼmirdan chiqarilgan yotoqxona yangi oʻquv yilidan yangi istiqomatchilarni oʻz bagʻriga oladi.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joizki, oʻtgan oʻquv yilida mazkur taʼlim muassasasini 237 nafar yoshlar bitirgan boʻlib, ularning aksariyati IIV Akademiyasiga hujjat topshirishdi.
Test sinovi natijalari yaqin kunlarda onlayn tarzda eʼlon qilinadi.
Zamira BOLTAEVA,
“Na postu” muxbiri.
Samarqand viloyati.
Muallif olgan surat.
